O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestri yuritilishi belgilandi. Bu 22-iyun kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishda aks etgan.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, korrupsiyaga oid jinoyatlar qatoriga poraxo‘rlik, o‘zlashtirish, firibgarlik va boshqa turdagi iqtisodiy jinoyatlar kiritildi. Shuningdek, jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish faqat zararni to‘liq qoplagan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, davlat xaridi predmetining boshlang‘ich narxi va uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovutga oid talablarni buzgan mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravarigacha jarima solinadi.
Korrupsiyaga oid jinoyatlarda aybdor deb topilgan shaxslar maxsus elektron reyestrga kiritiladi. Ichki ishlar vazirligi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganidan keyin 3 ish kuni ichida ma’lumotlarni reyestrga kiritadi. Reyestrda ma’lumotlar sudlanganlik muddati davomida saqlanadi.
Reyestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan bir qator cheklovlar belgilanadi: davlat xizmatida ishlash, davlat xaridlarida ishtirok etish, litsenziya va ruxsatnomalar olish taqiqlanadi. Reyestr Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda yuritiladi.
Qonunga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar tashkil etiladi. Davlat organlarida komplayens va ichki nazorat tuzilmalari joriy qilinadi.
Shuningdek, korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi shakllantiriladi. Ushbu xarita korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar, ichki nazorat natijalari va jismoniy hamda yuridik shaxslarning murojaatlari asosida tuziladi.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik natijasida tuzilgan bitimlar sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarga ikki yil davomida intizomiy jazo qo‘llash taqiqlanadi.
Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Source: www.gazeta.uz