Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Andijon viloyatiga ish safari uyushtirdi. U Altiqo‘l tumanidagi “Kumakay” oilaviy poliklinikasiga tashrif buyurdi. 1988-yilda qurilgan bino hozirgi zamon talablariga javob bermaydi.
Shuningdek, 9-sonli bolalar bog‘chasi va 36-sonli maktab ko‘zdan kechirildi. Bog‘cha 1970-yillarda qurilgan sobiq lager binosida joylashgan. Maktab esa 1960-yilda qurilgan va o‘quvchilar soniga mos emas. Ikkala obyekt ham qayta quriladi.
Mirziyoyeva Telegram’dagi sahifasida: “Tibbiyot va ta’lim sohasida shifokor ishlaydigan, bola o‘qiydigan sharoitlar, ota-onalarning bog‘chada bolalarini qoldirganda xotirjamligi juda muhim. Odamlar hayotidagi o‘zgarishlar o‘n yillarga cho‘zilmasligi kerak. Tezlashtirish, hozirdanoq ko‘rinadigan va tushunarli natija kerak”, deb yozdi.
Viloyat rahbariyati va tuman hokimlari bilan ishchi yig‘ilish o‘tkazildi. Unda ko‘plab masalalarni respublika, viloyat, tuman va mahalla darajasida kelishilgan holda hal qilish zarurligi ta’kidlandi. Qarorlar tezroq qabul qilinishi, muddat va vazifalar aniq bo‘lishi lozim.
Muhokama qilingan masalalardan biri – 1980-yillarda qurilgan magistral suv quvurini yangilash. Bu obyekt ko‘plab aholi, mahalla va tashkilotlarning suv ta’minotiga ta’sir ko‘rsatadi va uzoq vaqtdan beri rekonstruksiyaga muhtoj.
Source: kun.uz