Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Sergeli tumanida poytaxtdagi ilk “sport” avtobus bekati ishga tushirildi. Ushbu transport tugunidan 12 ta avtobus yo‘nalishi o‘tadi va endi yo‘lovchilar nafaqat avtobus kutish, balki sog‘lig‘i uchun foydali vaqt o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldi.

Yo‘l harakati tashkil etish markazi tashabbusi bilan bekat maydoni qisqa muddatli jismoniy mashqlar uchun vorkaut zonasi bilan to‘ldirildi. “Endi avtobus kutish vaqtida aholi isinish, oddiy mashqlar yoki tortilishlar qilishi mumkin. Bu jismoniy faollikni kundalik shahar ritmiga – ish, o‘qish yoki uy yo‘lida uyg‘unlashtirish imkonini beradi”, deyiladi xabarda.

Bunday yechimlar bir qator xorijiy shaharlarda – Seul, Pekin, Singapur, Parij, Bogota va Kalida allaqachon qo‘llanilgan. U yerda avtobus pavilonlari turniklar, zinapoyalar va boshqa faol dam olish inshootlari bilan jihozlangan. Loyihaning asosiy g‘oyasi harakat va jismoniy faollikni kundalik hayotning tabiiy qismiga aylantirishdir.

Kelgusida bunday ob’ektlarni nuqtali ravishda – birinchi navbatda aholi zich joylashgan, yo‘lovchilar oqimi yuqori va yo‘nalish tarmog‘i rivojlangan bekatlarda, shuningdek, kutish va jismoniy faollik zonalarini xavfsiz ajratish uchun yetarli joy mavjud bo‘lgan hududlarda o‘rnatish rejalashtirilgan.

Source: uznews.uz