Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Andijon viloyatida “Andijon polkasi” tadbiriga qatnashish uchun ketayotgan o‘quvchilar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Hodisa oqibatida bir nafar o‘quvchi vafot etgan, bir necha nafari esa shifoxonaga yotqizilgan.

Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning Instagram’dagi sahifasida foydalanuvchilardan biri hodisa haqida xabar bergan. Unga ko‘ra, halokatga Asaka tumanidagi 14-maktab o‘quvchilari uchragan. Bir o‘quvchi vafot etgan, qolganlari jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Andijon viloyati YHXB axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qilishicha, YTH 23-iyun kuni sodir bo‘lgan. Asaka tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan tadbirga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘quvchilarga alohida avtobus ajratilgan. Ammo bir guruh o‘quvchi o‘zboshimchalik bilan Damas avtomobilida ketayotgan bo‘lib, yo‘lda “ZIL” yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, o‘quvchilardan biri vafot etgan. Qolganlarning holati yaxshi. Voqea yuzasidan Asaka tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi surishtiruv boshlagan.

Ma’lumot uchun, “Andijon polkasi” tadbiri davomida bir vaqtning o‘zida 20 ming nafar ishtirokchi raqs ijro etib, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan edi. Hokimlik tomonidan e’lon qilingan suratlarda tadbir ishtirokchilari orasida bolalar ham borligi ko‘rinib turibdi.

Source: www.gazeta.uz