Ijtimoiy tarmoqlarda Urgut tumanidagi mahallalardan birining tor ko‘chasida Cobalt avtomobili yuqori tezlikda harakatlanayotgani aks etgan video tarqaldi.
Kadrlardan ko‘rinib turibdiki, avtomobil tezligi taxminan 130 km/soatga yetgan. Yo‘lning ikki tomonida turar-joy binolari joylashgan.
Viloyat YHXB xabariga ko‘ra, huquqbuzarning shaxsini aniqlash qiyin bo‘lmagan, chunki uning do‘stlari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida qoidabuzarlik aks etgan videoni joylashtirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, rulda haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan yosh yigit bo‘lgan.
Huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi (Transport vositasini yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlarga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan boshqarish) va 128-3-moddasi (Belgilangan harakat tezligini oshirish) bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Ish sudga topshirilgan.
Source: uznews.uz