Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Toshkent viloyatida davlat zaxirasidagi yerlarni sotish bilan bog‘liq yirik firibgarlikning oldi olindi. Gumonlanuvchilar 4 gektar maydonni 400 ming dollarga sotishga uringan.
39 yoshli fuqaro o‘zining 43 va 36 yoshli tanishlari bilan birgalikda Yangiyo‘l tumanidagi chorvachilik uchun mo‘ljallangan va davlat zaxirasida bo‘lgan yer uchastkasini xaridorga aldov yo‘li bilan sotishga harakat qilgan. Ular yuqori lavozimdagi tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
To‘rt gektarlik yer maydoni 400 ming dollarga baholangan bo‘lib, har bir sotix uchun 1000 dollar talab qilingan. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari kelishilgan pulning 20 ming dollarini olish vaqtida guruh a’zolarini ushlagan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda sodir etilgan firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Source: www.gazeta.uz