O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va fiskal tahlillar instituti direktori Abbosbek Jo‘rayevning ta’kidlashicha, soliq va bojxona imtiyozlarini tartibga solish ishlari izchil davom etmoqda. Biroq sifatli qarorlar qabul qilish uchun imtiyozlarning umumiy hajmini bilishning o‘zi yetarli emas. Qaysi imtiyozlar davlat tomonidan alohida tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash chorasi hisoblanishi, yana qaysilari soliq tizimining bazaviy tuzilmasiga kirishini aniq ajratib olish muhim ahamiyatga ega.
2025-yil yakunlari bo‘yicha soliq va bojxona imtiyozlarining umumiy hajmi 178,2 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan 64 foizi yoki 114,7 trln so‘mi QQS hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘rinda bojxona bojlari bo‘yicha imtiyozlar: 19,2 foiz yoki 34,2 trln so‘m. Uchinchi o‘rinda foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlar: 8,9 foiz yoki 15,8 trln so‘m.
Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, 178 trln so‘mlik imtiyozlar bekor qilinsa, budjetga avtomatik ravishda xuddi shuncha miqdordagi daromad kelib tushmaydi. Imtiyoz deb atayotganlarimizning sezilarli qismi bevosita soliq tuzilmasining elementi bo‘lib, ularni budjet uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘qotish deb hisoblash mumkin emas. Bu soliq imtiyozlarining ikki yoqlama tabiati bilan bog‘liq: bir tomondan, ular iqtisodiyotni rag‘batlantirish vositasi, ikkinchi tomondan, davlat xarajatlarining o‘ziga xos shakli.
Institutda soliq xarajatlarini to‘laqonli baholash bo‘yicha ish endigina boshlandi. Dastlabki baholashga ko‘ra, etalon soliq tizimini aniqlash uchun qariyb 3-4 oy talab etiladi. Shundan so‘ng batafsilroq tahlil o‘tkazib, alohida toifadagi imtiyozlar bekor qilinganda budjetga amalda qancha daromad kelib tushishini baholash mumkin bo‘ladi.
QQS bo‘yicha imtiyozlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, e’lon qilingan imtiyozlarning qariyb 76 foizi aslida soliq tizimining bazaviy arxitekturasi bilan bog‘liq. Masalan, eksport operatsiyalarida nol stavka, xalqaro tashishlar, moliyaviy xizmatlar va sug‘urta xizmatlari bo‘yicha imtiyozlar ko‘p hollarda soliq imtiyozi emas, balki soliq tizimining elementi hisoblanadi.
IT Park rezidentlari uchun QQS imtiyozlari hajmi 2019-yildan 2025-yilgacha 87 mlrd so‘mdan 3,6 trln so‘mga oshdi. Institut bu imtiyozlarning samaradorligiga hozircha baho bermaydi, biroq ularni alohida tahlil qilish zarurligini ta’kidlaydi. Keyingi materiallarda Institut imtiyozlar samaradorligini baholash yondashuvini ko‘rsatish va natijalarni e’lon qilishni rejalashtirmoqda.
Source: www.gazeta.uz