3-iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tumani (Samarqand viloyati) sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 29 yoshli fuqaro O.O‘.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, O.O‘. 2025-yil sentabrida Rossiyaning Novosibirsk viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan vaqtida ertaroq ozodlikka chiqish, Rossiya fuqaroligini olish va moddiy manfaatdorlikni ko‘zlab Rossiya Mudofaa vazirligi bilan harbiy xizmat shartnomasini imzolagan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2025-yil 13-sentabrda Rossiya Qurolli kuchlari safiga yollangan. Shundan so‘ng Volgograd viloyatidagi harbiy qismda “o‘qchi-haydovchi” sifatida xizmat o‘tab, Rostov viloyatida jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan hamda Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashgan.
Sudda O.O‘. aytishicha, u ilk bor 2016-yilda ishlash maqsadida Rossiyaga borgan va qisqa muddat qurilish hamda savdo sohasida ishlab, vizasi tugagach O‘zbekistonga qaytgan. 2021-yil may oyida esa yana ishlash uchun Rossiyaga ketgan. Moskva viloyatida xususiy qurilishlarda mehnat qilib yurgan vaqtda, 2022-yil fevral oyida uni fuqarolik kiyimidagi shaxslar ushlab ketgan.
O.O‘.ning so‘zlariga ko‘ra, unga 2016-yilda sodir etilgan qotillik bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. “2016-yil avgust oyida men ishlagan parnikda qotillik jinoyati bo‘lgandi, ushbu jinoyatni men sodir qilganligim to‘g‘risida ayblov qo‘yishdi”, — dedi u. Keyinchalik Rossiya sudi uni 16 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilgan. Shundan keyin u Novosibirsk viloyatidagi 14-sonli jazoni ijro etish muassasasiga yuborilgan.
Sudlanuvchining ta’kidlashicha, 2025-yil sentabrida koloniyaga Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari kelib, mahkumlarni Rossiya-Ukraina urushida qatnashishga faol targ‘ib qilgan. “Ular koloniyadagi rus millatiga mansub bo‘lmagan mahkumlarga Rossiya-Ukraina urushida qatnashishni taklif qilishdi. Qatnashganlarga 1 million Rossiya rubli (taqriban 12 800 AQSh dollari), Rossiya fuqaroligi, shartnoma tugagach jazodan ozod qilish va Moskva viloyatidan yer ajratib berishni va’da qilishdi”, — dedi O.O‘.
Uning aytishicha, u og‘ir koloniya sharoitidan chiqish, jazoning qolgan qismini o‘tamaslik va qo‘shimcha javobgarlikka tortilmaslik maqsadida harbiy xizmat haqidagi shartnomaga imzo chekkan. “JIEMdagi og‘ir sharoitlardan qutulish maqsadida hujjatlarga imzo qo‘ydim. Jazoning qolgan qismini o‘tamaslik va ulardan qutulish uchun Rossiya tomonida urushga yollandim”, — dedi u.
O.O‘.ning ko‘rsatmasiga ko‘ra, 2025-yil 13-sentabrda u Rossiya Mudofaa vazirligi bilan harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risida shartnoma imzolagan va harbiy kiyim-bosh bilan ta’minlangan. “Rostovga yetgach, andijonlik yigit bilan qochib ketdik”, — dedi u. Ular Rostov viloyatidagi harbiy kazarmadan qochib, bir qurilish obyektiga borib, o‘zbekistonlik quruvchilardan kiyim olgan. Keyin Rostov shahridagi O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilib, vatanga qaytish uchun guvohnoma olgan.
“29-sentabr kuni menga O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnoma berishdi. 8-oktabr kuni O‘zbekistonga qaytib keldim. Qilgan ishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman va suddan qonuniy yengillik berishini so‘rayman”, — dedi sudlanuvchi. Sud hujjatlariga ko‘ra, O.O‘. aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Shu bilan birga, uning aybi sudda so‘roq qilingan guvohning ko‘rsatmalari hamda ish materiallaridagi boshqa dalillar bilan ham tasdiqlangan.
Sudda so‘roq qilingan guvoh G‘.N.ning aytishicha, O.O‘. 2025-yil oktabr oyi oxirida O‘zbekistonga qaytish uchun berilgan guvohnoma bilan Rossiyadan qaytgan. Guvohning so‘zlariga ko‘ra, O.O‘. bilan suhbat davomida u Rossiyada 16 yillik jazo muddatini o‘tayotganini, keyin esa jazoning qolgan qismidan ozod bo‘lish evaziga Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashishga rozi bo‘lganini aytgan. Shuningdek, u Rostov yoki Donetskdagi harbiy poligondan qochishga uringani, birinchi urinishda ushlangani, keyin esa yana qochib, O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonasi orqali Vatanga qaytish uchun guvohnoma rasmiylashtirganini bildirgan.
Sudda ma’lum qilinishicha, 2025-yil 10-dekabrda Rossiya Mudofaa vazirligining Novosibirsk harbiy komendaturasi O‘zbekiston tomoniga qidiruv xati yuborgan. “Qidiruv xatida O.O‘. 46371-sonli harbiy qismdan harbiy xizmatni tashlab qochgani va uning qayerda ekani haqida ma’lumot berish so‘ralgan”, — dedi guvoh. Uning aytishicha, keyinchalik Rossiya harbiy komendaturasi O.O‘.ning 2025-yil 13-sentabrda Rossiya Mudofaa vazirligi bilan tuzgan harbiy xizmat shartnomasi va unga ilova qilingan hujjatlarni ham taqdim etgan.
Sud O.O‘.ni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bo‘yicha aybdor deb topdi. Hukmda qayd etilishicha, sud jazo tayinlashda sudlanuvchining aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, qilmishidan pushaymon ekani, yashash joyidan ijobiy tavsiflangani hamda oilaviy ahvolini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida inobatga olgan. Shu bilan birga, sud uning harakatlarida jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emas, degan xulosaga kelgan.
Sud ushbu holatlar jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini sezilarli darajada kamaytirishi, mahalla faollari ham sudlanuvchini kafillikka olganini hisobga olib, uni jamiyatdan ajratmasdan turib ham qayta tarbiyalash mumkin, deb hisoblagan. Shu asosda sud Jinoyat kodeksining 57-moddasini (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, sanksiyada nazarda tutilmagan yengilroq jazo turini tayinladi. O.O‘. 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.
Hukmga muvofiq, u jazoni Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi yashash manzilida o‘taydi va uy-joyini tark etishi taqiqlanadi. Bundan tashqari, unga probatsiya xizmati ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik hamda Samarqand viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik majburiyati yuklatildi. Sudlanuvchi ustidan nazorat Nurobod tumani IIB Probatsiya bo‘linmasi zimmasiga yuklatildi. Hukm qonuniy kuchga kirgach, unga nisbatan qo‘llangan “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat” ehtiyot chorasi bekor qilinishi belgilandi.
Source: www.gazeta.uz