O‘zbekiston aholisi soni 2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra 39 047 321 nafarga yetdi. Bu aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalarida aks etgan, deya xabar qildi Statistika qo‘mitasi matbuot anjumanida.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 1989-yildagi ro‘yxatga olish natijalariga nisbatan 2 barobarga oshgan. Joriy statistik hisob-kitoblar bo‘yicha mamlakat aholisi 38 236 704 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari bo‘yicha 39 047 321 nafarga yetdi. Farq 810 617 nafarni tashkil etdi. Aholining jinsi bo‘yicha taqsimotiga ko‘ra, erkaklar soni 19 766 166 nafarni, ayollar soni esa 19 281 155 nafarni tashkil etdi.
Jarayonda O‘zbekiston hududida 1 yildan ortiq muddat istiqomat qilayotgan 56,9 ming nafar xorijiy davlat fuqarosi ham ro‘yxatga olindi. Ularning asosiy qismi Hindiston, Rossiya va Qozog‘iston fuqarolari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga ko‘ra, aholining millatlar bo‘yicha tarkibida o‘zbeklar — 89,4 foiz, tojiklar — 3,3 foiz, qoraqalpoqlar — 2,2 foiz, qozoqlar — 1,8 foiz, ruslar — 1,6 foiz, qirg‘izlar — 0,6 foiz, turkmanlar — 0,5 foiz, boshqa millatlar esa 0,6 foizni tashkil etdi. Aholining 35,7 mln nafari yoki 91,3 foizi o‘zbek tilini ona tili sifatida ko‘rsatgan va bu ko‘rsatkich etnik o‘zbeklar ulushidan (89,4 foiz) 1,9 f.p.ga yuqori.
Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, bir yillik ekin maydonlari 23 foizga, bog‘lar va tokzorlar 18,8 foizga, issiqxonalar 2,2 foizga va baliq boqish havzalari 15,0 foizga ko‘pligi aniqlandi. Chorvachilik ko‘rsatkichlarida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatilgan. Xususan, yirik shoxli qoramollar soni joriy hisob-kitoblarga nisbatan 14,9 foizga, qo‘y va echkilar soni 6,2 foizga, otlar soni 11,2 foizga kamligi aniqlangan bo‘lsa, parrandalar soni 12,7 foizga o‘sgan.
Aholini ro‘yxatga olishni tashkil etishda xarajatlar samaradorligiga alohida e’tibor qaratilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bir kishini ro‘yxatga olish xarajatlari 0,12 AQSh dollarini tashkil etdi.
“Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari kelgusida demografik o‘zgarishlarni tahlil qilish, aholining hududlar kesimida joylashuvini baholash, infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, yashash sharoitlari va ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha manzilli qarorlar qabul qilish va tegishli tahlillarni amalga oshirish imkonini beradi”, — deya qayd etdi Statistika qo‘mitasi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda aholi va qishloq ho‘jaligini ro‘yxatga olish 15-yanvardan 28-fevralgacha o‘tkazildi. 15−31-yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan birinchi bosqichida jami xonadonlarning 82,3 foizida istiqomat qiluvchi 30 milliondan ortiq aholi savolnomani mustaqil to‘ldirib, onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Onlayn bosqichda qatnashmagan yoki ma’lumotlarni xatolik bilan kiritgan fuqarolar 4−28-fevral kunlari o‘tkazilgan ikkinchi bosqichda qamrab olindi. Bu bosqichda mahalla yettiligi vakillari uyma-uy yurib planshetlar orqali, ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron platformaga kiritib bordi. Ro‘yxatga olish yakunlarining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 8,3 millionta xonadonlarda yashovchi aholi to‘liq qamrab olindi.
Source: www.gazeta.uz