️ 9-iyun kuni Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tuman sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 26 yoshli o‘zbekistonlik fuqaro M.R.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, M.R. 2019-yilda mavsumiy ish uchun Rossiyaga ketgan va u yerda qirg‘izistonlik fuqaro bilan janjal oqibatida unga og‘ir tan jarohati yetkazib, o‘limiga sabab bo‘lgan. Shu munosabat bilan Rossiya Jinoyat kodeksining 111-moddasi 4-qismi bilan aybdor deb topilib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
️ Jazoni Udmurtiya Respublikasidagi koloniyada o‘tayotgan vaqtda M.R. Rossiya Mudofaa vazirligi bilan harbiy xizmat shartnomasini tuzib, Rossiya Qurolli kuchlari safiga kirgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2025-yil noyabr oyi oxirida Lugansk hududidagi harbiy qismda jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan, qurol va portlovchi vositalardan foydalanish bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashgan.
️ Sud hujjatlarida qayd etilishicha, harbiy tayyorgarlik vaqtida u granatani qasddan yaqin masofaga otib, o‘ziga jarohat yetkazgan. Shundan so‘ng Luganskdagi harbiy gospitalda davolangan va 2026-yil yanvar oyida u yerdan qochib ketgan. Keyinchalik u Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasidan Vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirib, 2026-yil 11-fevral kuni “Moskva — Toshkent” aviareysi orqali O‘zbekistonga qaytgan.
️ Sudda M.R. aybiga qisman iqror bo‘ldi. Uning aytishicha, 2022-yil sentabrida ikki nafar Qirg‘iziston fuqarosi unga pichoq bilan tahdid qilib, pul talab qilgan. Janjal oqibatida ulardan biri olgan jarohatlari tufayli vafot etgan. Sud uni jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazishda aybdor deb topib, 9 yil ozodlikdan mahrum qilgan va 1,75 mln rubl jarima tayinlagan.
️ M.R.ning ta’kidlashicha, u dastlab harbiy xizmatga borishdan bosh tortgan. “Shundan keyin menga nisbatan kuchli bosim boshlandi. Arzimas sabablar bilan maxsus sovuq izolyatorda saqlashdi. Koloniya xodimlari tanamga maxsus tayoqlar bilan urib, jag‘ qismimni sindirdi. Suvsiz, ovqatsiz och qolib ketdim”, — dedi u. Harbiylar u bilan bir necha marta alohida suhbatlashib, shartnoma imzolasa, yaxshi sharoit, pul mukofoti va oylik maosh berilishini va’da qilgan. Aks holda telefondan foydalanib kelganligi sababli yana 13 yil muddat qo‘shilishi bilan qo‘rqitishgan.
️ M.R.ning aytishicha, frontga yuborilishdan qutulish maqsadida mashg‘ulotlar paytida granatani ataylab o‘ziga yaqin joyga otgan. Shundan so‘ng Lugansk viloyatidagi harbiy gospitalga olib borilgan, u yerda tanasida granata qoldiqlari aniqlangan. Keyin harbiy gospitaldan qochib, Donetsk viloyatida yashagan, yaqinlaridan pul yig‘ib, Moskvaga yetib borgan. O‘zbekistonga qaytgach, qilmishining jinoyat ekanini anglab, 24-mart kuni ixtiyoriy ravishda Davlat xavfsizlik xizmatiga pushaymonlik arizasi bilan murojaat qilgan.
️ Sud M.R.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) va 154−1-moddasi 1-qismi (Chet davlatning harbiy xizmatiga kirish) bo‘yicha aybdor deb topdi. Yengillashtiruvchi holatlar sifatida aybiga qisman iqror bo‘lgani, pushaymonligi, yoshi, oilaviy va moddiy ahvoli inobatga olingan. Og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmagan. 154-modda bo‘yicha 4 yil 3 oy ozodlikni cheklash, 154−1-modda bo‘yicha esa 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanib, qisman qo‘shib, uzil-kesil 4 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi belgilandi.
️ Hukmga muvofiq, u jazoni Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi yashash manzilida o‘taydi. Unga ish yoki o‘qishga borish hamda qaytish uchun zarur vaqtdan tashqari uy-joyini tark etmaslik, probatsiya organi ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik va Qashqadaryo viloyati hududidan chiqmaslik majburiyati yuklatildi. Nazorat Yakkabog‘ tumani IIB Probatsiya guruhi zimmasiga yuklatildi.
Source: www.gazeta.uz