Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 3–5-iyul kunlari AQShning Sharlott shahrida bo‘lib o‘tadigan birinchi Daniel Naroditskiy xotira turnirida ishtirok etadi. Jahon kubogi va Nomzodlar turnirining 20 yoshli g‘olibi rapid va blits elitasi – Xikaru Nakamura, Fabiano Karuana, Uesli So, Xans Nimann va boshqalarga qarshi navbatdagi jiddiy sinovni qabul qiladi.

Uning ushbu turnirdagi ishtiroki, xalqaro musobaqalarga tayyorgarligi hamda murabbiylar bilan olib borayotgan mashg‘ulotlari O‘zbekiston Milliy banki ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Turnir o‘z davrining eng taniqli shaxmatchilaridan biri, sharhlovchi, murabbiy, strimer hamda bevaqt vafoti butun shaxmat olamini larzaga solgan inson – amerikalik grossmeyster Daniel Naroditskiy xotirasiga bag‘ishlangan. U AQShda sovet muhojirlari oilasida tug‘ilgan, 12 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan, 18 yoshida grossmeysterlik unvonini qo‘lga kiritgan. Klassik reyting cho‘qqisida dunyoning top 100 ligiga yaqinlashgan, blits yo‘nalishida esa sayyoraning eng kuchli 25 nafar o‘yinchisi qatoriga kirgan.

Biroq Naroditskiy keng omma uchun faqatgina sportdagi natijalari bilan mashhur emas edi. U Chess.com bilan hamkorlikda eng yirik turnirlarni sharhlab borgan, ta’limiy strimlar olib borgan hamda murakkab g‘oyalarni havaskorlarga ham tushunarli bo‘ladigan tarzda tahlil qilib bergan. Uning YouTube’dagi kanali 500 mingga yaqin obunachini to‘plagan edi.

Umrining so‘nggi yili sobiq jahon chempioni Vladimir Kramnikning chiterlik bo‘yicha ommaviy ayblovlari soyasida qoldi. 2024-yilda Kramnik statistikaga, strimlar vaqtidagi o‘zini tutishiga va ayrim sharhlarga e’tibor qaratgan holda, Naroditskiyning onlayn shaxmatdagi natijalarini bir necha bor shubha ostiga olgandi. Naroditskiy ayblovlarni inkor etdi va o‘z obro‘sini himoya qilishga urindi, biroq o‘zaro yarashuv amalga oshmadi.

U 2025-yil 17-oktabrdagi o‘zining so‘nggi strimini ruhan va jismonan juda charchagan holatda o‘tkazdi. “Muammo shundaki, Kramnik bilan bog‘liq voqeadan keyin, agar yaxshi o‘ynay boshlasam, odamlar mendan darhol shubhalanayotganini payqadim”, – degandi u. Uning vafotidan keyin shaxmat olamida ommaviy ayblovlarning chegarasi, yulduzlarning mas’uliyati va onlayn muhitning toksikligi haqida og‘riqli munozaralar boshlandi. Shimoliy Karolina tibbiyot idoralari o‘lim sababini tashxislanmagan sarkoidoz bilan bog‘liq yurak ritmining to‘satdan buzilishi deb ko‘rsatdi. Daniel Naroditskiy 29 yoshda edi.

Birinchi memorial Sharlottda – Naroditskiy yashagan va faoliyat yuritgan shaharda bo‘lib o‘tadi. Grossmeysterning tezkor vaqt nazoratlaridagi yutuqlari xotirasiga shveysarcha tizim bo‘yicha rapid (3-iyul kuni 7 ta tur) va blits (4-iyul kuni 11 ta tur) musobaqalari o‘tkaziladi. 5-iyul kuni esa eng yaxshi o‘nta blits ustasi o‘rtasida aylanma tizimdagi final bahslari bo‘lib o‘tadi.

Memorial sanasi Grand Chess Tour bosqichlari bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolganiga qaramay, turnir tarkibi juda kuchli shakllandi. Sharlottga Daniel Naroditskiyning hamyurtlari – top grossmeysterlar Fabiano Karuana, Xikaru Nakamura, Uesli So, Xans Moke Nimann va Lener Dominges tashrif buyuradi. Ular bilan birgalikda jahon chempionligiga da’vogar va yangi avlodning eng yorqin shaxmatchilaridan biri – o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov ham dona suradi.

Sindarov uchun ushbu turnir tezkor formatlarda shaxmat elitasiga qarshi o‘zini yana bir bor sinab ko‘rish imkoniyati bo‘ladi. Yirik musobaqalardagi g‘alabalari va jahon chempionligi uchrashuviga yo‘llanma olganidan so‘ng u endi o‘z darajasini isbotlashi kerak bo‘lgan yosh iste’dod sifatida qabul qilinmaydi. Aksincha, Javohirning o‘zi ushbu memorialning bosh favoritlaridan biri va raqiblar alohida diqqat bilan kuzatadigan shaxmatchiga aylanadi.

So‘nggi oylarda Sindarov yoshi va tajribasiga qaramasdan, eng kuchli shaxmatchilar bilan tengma-teng o‘ynay olishini ko‘rsatdi. 2025-yilda Sindarov Goadagi uzoq davom etgan musobaqa masofasini bosib o‘tib, finalda xitoylik grossmeyster Vey Ini mag‘lub etdi va FIDE Jahon kubogining eng yosh g‘olibiga aylandi. 2026-yilgi Nomzodlar turnirida u qatorasiga g‘alabalar seriyasi bilan start oldi, peshqadamlarning o‘zaro bahsida Fabiano Karuanani, keyin esa Xikaru Nakamura va Vey Ini mag‘lub etdi. Keyinchalik esa ustunlikni mustahkamlab, turnirdagi g‘alabani hamda Gukesh Dommaraju bilan jahon shaxmat toji uchun uchrashuvda o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi.

Shu bilan birga, Javohirning o‘zi yangi maqomini ko‘z-ko‘z qilishga intilmaydi. Yaqinda Chess.com saytiga bergan intervyusida u Nomzodlar turniridagi g‘alabadan keyin hayoti kutilganidan ko‘ra kamroq o‘zgarganini tan oldi. Butun dunyoda tanilib borayotgani va e’tirof etilayotganiga qaramay, u o‘zgarmaslikka harakat qilmoqda. “Avvalgidek qolishni xohlayman”, – dedi u. Reytingda dunyoning 4-raqamli shaxmatchisi bo‘lib turgan Sindarov musobaqalarda qatnashishda, tayyorgarlik ko‘rishda va startlar oralig‘ida hordiq chiqarishda davom etmoqda.

Source: www.gazeta.uz