O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasi VFS Global Services UBKN va Vizametric kompaniyalarini ayrim vizaxizmatlar bozorida hukmron mavqega ega subyektlar ro‘yxatiga kiritdi. TLScontact esa dominant muzokara kuchiga ega deb topildi.
Antimonopol qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash doirasida xorijiy davlatlarga chiqish uchun vizaxizmatlar bozori tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, “VFS Global Services UBKN” MChJ Avstriya, Vengriya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Daniya, Belgiya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Finlandiya, Gretsiya, Irlandiya, Latviya, Litva, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Yangi Zelandiya, Isroil va Maltaga chiqish uchun vizaxizmatlar ko‘rsatishda hukmron mavqega ega deb topildi.
“Vizametric” MChJ esa AQShga chiqish uchun vizaxizmatlar ko‘rsatishda hukmron mavqega ega deb topildi. Qaror “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasiga asoslanadi, unga ko‘ra raqobat holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bozorga kirishini qiyinlashtirish imkoniyatini beruvchi mavqe hukmron deb tan olinadi.
“TLS Contact” MChJ Germaniya va Fransiyaga chiqish uchun vizaxizmatlar ko‘rsatishda dominant muzokara kuchiga ega deb topildi. “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasiga ko‘ra, shartnoma shartlariga, tovarlarni sotish hududi va narxlariga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyati dominant muzokara kuchi deb tan olinadi.
Hukmron mavqe yoki dominant muzokara kuchiga ega subyektning raqobatni cheklash yoki iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzishga olib keladigan harakatlari hukmron mavqe yoki muzokara kuchini suiiste’mol qilish deb topiladi.
Avvalroq bloger Nikita Makarenko Raqobat qo‘mitasiga TLScontact vizamarkazi orqali Fransiyaga hujjat topshirishdagi muammolar – xususan, yozilishning imkonsizligi va markazda telefondan foydalanish taqiqi yuzasidan shikoyat qilgan edi. Shundan so‘ng TLScontact 1 iyuldan boshlab Fransiyaga qisqa muddatli vizalar uchun hujjat topshirishning yangi tartibini joriy etishini e’lon qildi.
Source: kun.uz