Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrini, xususan Sergeli tumanini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda aholi sonining haqiqiy ko‘rsatkichlari va infratuzilmani rivojlantirish zarurligi muhokama qilindi.

Ilgari Sergeli tumani aholisi 181 ming kishi deb hisoblangan bo‘lsa, aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, bu yerda 236 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgani aniqlandi. Prezidentning ta’kidlashicha, yaqin yillarda Sergeli aholisi 300 ming kishidan oshadi. Shu sababli bolalar bog‘chalari, maktablar, poliklinikalar quvvatini aholi soniga mutanosib ravishda oshirish zarurligi qayd etildi.

So‘nggi o‘n yil ichida Sergelida 30 ming yangi kvartira qurildi, sanoat, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etildi. Tadbirkorlar soni 2,5 mingdan 6,2 minggacha oshdi. Tuman budjet tushumlari 382 milliard so‘mdan 2 trillion 200 milliard so‘mga, ya’ni 5,5 barobarga ko‘paydi. 5 ta yirik dam olish maskani va bog‘lar ochildi.

Toshkent viloyatidan berilgan 13 ta mahalla hisobiga Sergeli tumani hududi 1,8 ming gektarga kengayib, 5,6 ming gektarga yetdi. Sergelini boshqa tumanlar va shahar markazi bilan bog‘laydigan 9 kilometrlik yo‘l hamda 8 stansiyadan iborat yangi metro liniyasi qurildi. Maktab o‘rinlari soni 25 mingdan 38,5 mingga, bog‘cha o‘rinlari 7,5 mingdan 15,5 mingga oshdi. 50 ta davlat va xususiy klinika ochildi.

Shu bilan birga, transport, yo‘llar, elektr, suv ta’minoti va kanalizatsiya kabi infratuzilma tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha hal qilinishi lozim bo‘lgan ko‘plab masalalar saqlanib qolmoqda. Prezident rahbarlardan aholi o‘sishiga mos ravishda uy-joy, bog‘cha, maktab, poliklinika va ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha aniq reja va dasturga ega bo‘lishni talab qildi.

Joriy yilda Sergeli rivojiga budjetdan 173 milliard so‘m, banklar orqali 2 trillion 200 milliard so‘m ajratildi. Tuman hokimi va mas’ul shaxslarga bu mablag‘lardan samarali foydalanish va qo‘shilgan qiymatni 2-3 barobar oshirish vazifasi qo‘yildi. Yilning besh oyida Sergeliga 236 million dollar investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, yil oxirigacha 60 ta loyiha hisobiga yana 750 million dollar jalb qilish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda yer osti metrosi ustidagi bo‘sh joylarni biznesga berish tajribasi ko‘rib chiqildi. Sergelidagi 8,5 kilometrlik metro uchastkasida 137 ta savdo-xizmat ob’ekti yaratilib, 1-1,5 ming ish o‘rni paydo bo‘lishi va tuman budjetiga qo‘shimcha 20-25 milliard so‘m tushishi kutilmoqda. Umuman, 23 kilometrlik uchastkada 400 tadbirkor biznes boshlab, 3 ming ish o‘rni yaratilishi mumkin.

Sergelida qurilish sohasida yangi tajriba boshlandi: yer uchastkalari qurilish ruxsatnomasi, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyiha bilan birgalikda auktsionga qo‘yilmoqda. «Yangi Bunyodobod» mahallasida 70 sotix yer 14 milliard so‘m boshlang‘ich narxda 40 milliard so‘mga sotildi. Eng muhimi, tadbirkor erni olgan kunning o‘zida qurilishni boshladi. Ilgari hujjatlarni kelishish bir yilgacha cho‘zilgan.

Source: kun.uz