Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Toshkent shahrining Sergeli tumani hokimligiga tashrif buyurdi. U yerda idoralarning “yagona darcha” tamoyili asosidagi xizmat ko‘rsatish tizimi hamda “Aqlli tuman” platformasi bazasidagi vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishdi.
Hokimlik binosida tuman ma’muriyatidan tashqari yana beshta tashkilot joylashgan bo‘lib, ular aholi va tadbirkorlarga 30 dan ortiq davlat xizmatlarini ko‘rsatmoqda. Davlat rahbariga Ichki ishlar vazirligiga onlayn murojaat qilish qurilmasi ham namoyish etildi. Ushbu tizim orqali murojaat yo‘llanganda navbatchi inspektor videoaloqa orqali murojaat qiluvchi bilan bog‘lanadi, murojaat avtomatik ro‘yxatga olinadi va murojaatchi ish natijasi hamda inspektor faoliyatiga baho beradi.
Prezident bunday “aqlli” qurilmalarni aholi gavjum joylar, bozor va boshqa obyektlarga ko‘proq o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berdi. Hokimlikda tashkil etilgan vaziyatlar markazida sun’iy intellekt asosida tahlil qilish, muammolarni tezkor aniqlash va hal etish bo‘yicha “Aqlli tuman” platformasi ishga tushirilgan. Markazda 17 ta axborot tizimi o‘zaro bog‘langan bo‘lib, ijtimoiy va kommunal muammolar monitoring qilinadi, aholi murojaatlarining ijrosi nazoratga olinadi, favqulodda holatlarda tegishli xizmatlar faoliyati tezkor boshqariladi va muvofiqlashtiriladi.
Vaziyatlar markazini ishga tushirish doirasida tumanning 46 mahallasi bilan videokonferensaloqa yo‘lga qo‘yilgan va markaz bilan integratsiya qilingan. Shuningdek, tumandagi 25 maktab vaziyatlar markaziga integratsiya qilinmoqda. Platforma tarkibidagi “Xavfsiz tuman” tizimi huquqbuzarliklarni monitoring qilish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tadbirkorlik subyektlarining raqamli xaritasi sun’iy intellekt tahlili asosida soliq tushumlarini prognoz qilish va ularning yig‘iluvchanligini ta’minlashga qaratilgan. “AI Davomat” tizimi esa maktablarda sababsiz dars qoldirish holatlarini bartaraf etish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlikning oldini olishga mo‘ljallangan. Shavkat Mirziyoyev vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishib, ushbu yangi tizimni poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etishga topshiriq berdi.
Avvalroq prezident Toshkentning Sergeli tumanidagi yangilangan Yangi Sergeli ko‘chasini ko‘zdan kechirgan edi. Ko‘chaning 2,1 kilometrli qismida infratuzilma modernizatsiya qilinib, kecha-yu kunduz ishlaydigan savdo, umumiy ovqatlanish va dam olish maskanlari tashkil etildi. Shuningdek, Sergelida yerusti metrosi ostida savdo va xizmatlar rivojlantiriladi. Prezident Toshkentning 12 ta tumani uchun “Yangi avlod” sanoat zonasidan joy ajratishni topshirdi. Bu poytaxtdagi yer taqchilligi sababli sanoat loyihalarini joylashtirishdagi to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan.
Source: www.gazeta.uz