Hukumatning 12-iyundagi 310-sonli qarori bilan davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Nizomga ko‘ra, tibbiyot xodimlari doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududidan qat’i nazar, respublikaning istalgan hududidan birlamchi bozordagi uylarni ipoteka krediti asosida sotib olishi mumkin bo‘ladi. Subsidiya olish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali topshiriladi.
Nomzodlarni baholashda ularning ayni paytda davlat tibbiyot muassasasida ishlayotgani va tizimda kamida 15 yillik ish stajiga ega ekanligi asosiy shart qilib belgilangan. Ushbu moliyaviy ko‘mak bir oilaga — er yoki xotinga faqat bir marta beriladi.
Saralash jarayoni onlayn tarzda o‘tkaziladi. Mezonlarga to‘liq mos keladigan ishtirokchilar orasidan har chorak uchun belgilangan kvota doirasida 125 nafar g‘olib avtomatik ravishda tasodifiy tanlash imkonini beruvchi saytlar (xususan, random.org) orqali aniqlanadi.
Subsidiya ajratish to‘g‘risida xabarnoma olgan tibbiyot xodimlari uy-joyni ipotekaga sotib olish uchun qurilish tashkiloti bilan birlamchi shartnoma tuzishlari kerak bo‘ladi.
Prezident 2025-yil noyabr oyida imzolagan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, har yili davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining 25 foizi qoplab beriladi.
Shuningdek, kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda tibbiyot muassasasining mablag‘lari hisobidan bir yilda bir marotaba respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yo‘llanma beriladi.
Bundan tashqari, bunday shifokor va farmatsevtlarning farzandlariga oliy ta’limda o‘qish uchun kontrakt pulining bir qismi ham qoplab beriladi. Bunda moddiy yordam yillik kontrakt summasining 30 foizini tashkil etadi, biroq u to‘lanadigan paytdagi bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 15 baravaridan oshib ketmasligi kerak.
Source: www.gazeta.uz