Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2026-yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonda o‘qotar qurollarning noqonuniy muomalasiga oid 760 dan ortiq holat aniqlandi, shundan 15 tasi kontrabanda bilan bog‘liq. Bu haqda 25-iyun kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi mas’ul xodimi Akmal Ashuraliyev ma’lum qildi.

Ashuraliyevning so‘zlariga ko‘ra, giyohvandlik moddalaridan keyin jamoat xavfsizligi uchun eng katta tahdidlardan biri qurol-yaroqlarning nazoratsiz muomalasidir. Shu bois 2025-yildan o‘qotar qurollar muomalasi ustidan davlat nazorati agentlik vakolatiga o‘tkazilgan.

Agentlik vakilining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda aniqlanayotgan noqonuniy holatlarning aksariyati uyushgan jinoiy guruhlarga emas, balki sovet davridan qolgan, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan qurollarga to‘g‘ri keladi. “Aksariyat holatlarda bu sovet davridan qolib ketgan, egasi noma’lum yoki meros sifatida saqlanib kelgan qurollardir. Ko‘pincha bunday qurollar uy-joylarni ta’mirlash yoki buzish ishlari vaqtida topilyapti”, dedi u.

Ashuraliyev fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazilmagan qurollarni ixtiyoriy ravishda ichki ishlar organlariga topshirishga chaqirdi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, qurolni ixtiyoriy topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod etiladi hamda qurolning turi va holatiga qarab rag‘batlantiriladi.

Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyevning ma’lum qilishicha, chegara orqali olib kirishga urinilayotgan qurollarning katta qismi pnevmatik qurollarga to‘g‘ri keladi. Yil boshidan beri bojxona organlari 58 ta holatda 58 dona pnevmatik qurolni olib kirishga urinishning oldini olgan.

Tangriyevga ko‘ra, bunday holatlarning bir qismi chet el fuqarolarining O‘zbekistonda qurol muomalasiga oid qoidalardan bexabarligi bilan bog‘liq. “Ko‘pincha pnevmatik qurollarni qiziqish, sport va turizm maqsadida yoki buyurtma qilish va O‘zbekistonga olib kirishga urinish holatlari uchramoqda”, dedi u.

Uning ta’kidlashicha, yil boshidan buyon bojxona organlari tomonidan 600 dan ortiq o‘q-dori musodara qilindi. “O‘q-dorilar bilan bog‘liq ayrim holatlar esa juda qiziq. Masalan, ba’zi chet el fuqarolari o‘qni tumor yoki ko‘zmunchoq sifatida bo‘yniga taqib yuradi. Ularga ko‘ra, bu turli balo-qazolardan asraydi”, deydi Tangriyev.

Source: www.gazeta.uz