Milliy statistika qo‘mitasi joriy yilning iyun oyi uchun tovar va xizmatlar narxlari tahlilini e’lon qildi.
Tahlilga ko‘ra, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida guruch va guruch yormasi narxi 2,3%, grechka 1,2%, pasterizatsiyalangan sut 1,2%, shakar, qo‘y go‘shti, suyaksiz mol go‘shti 1%, tuxum 0,8%, tirik va muzlatilgan baliq o‘rtacha 0,7% ga qimmatlagan.
Bir oy ichida asosiy meva-sabzavot mahsulotlaridan baqlajon 46,6%, pomidor 38,3%, bolgar qalampiri 31,4%, tarvuz 26,3%, bodring 25%, uzum 18,7%, piyoz-sarimsoq 13,5%, kartoshka 12,8%, karam 5,6%, banan 5,9% va ko‘kat 4,4% ga arzonlagan. Sabzi 6,5%, piyoz 3,6% ga qimmatlagan.
Bir oy ichida respublika bo‘yicha o‘rtacha elektr energiyasi 9,6%, gaz 10,7% ga qimmatlagan.
Iyun oyida AI-92 markali benzin 3,6%, AI-95 6%, AI-98 va AI-100 3,9% ga qimmatlagan. Propan narxi bir oyda 11,3%, metan narxi 8,8% ga oshgan.
Yo‘lovchi transporti xizmatlari orasida taksi narxlari 1,3% ga oshgan. Temir yo‘l transportida yo‘lkira 0,3%, havo transportida 0,6% ga arzonlagan. Qayd etilishicha, bunga milliy valyutaning yevro va Shveytsariya frankiga nisbatan kursi, shuningdek, bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha yoqilg‘i yig‘imlari hajmining o‘zgarishi ta’sir ko‘rsatgan.
Source: kun.uz