Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tbilisiga tashrifi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Gruziya umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan 70 ta savdo va investitsiya loyihasini amalga oshirishga kelishib oldi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

ISSV rahbari hamkorlikning beshta asosiy yo‘nalishini sanab o‘tdi. Birinchi yo‘nalish — logistika. Uning so‘zlariga ko‘ra, Gruziya O‘zbekiston uchun “juda muhim transport habi” bo‘lib, u orqali mamlakat o‘z mahsulotlarini g‘arb bozorlariga yanada faolroq olib chiqishi mumkin. “Shu maqsadda Poti erkin iqtisodiy zonasida savdo-logistika va ishlab chiqarish markazi tashkil etilyapti. U yerda O‘zbekiston mahsulotlari uchun omborlar bo‘ladi. Bundan tashqari shou-ko‘rgazma maydoni ham bo‘ladi. Va shuningdek, ishlab chiqarish zonasi ham tashkil etiladi”, — dedi u.

Laziz Qudratovning ta’kidlashicha, mazkur hududda o‘zbekistonlik tadbirkorlar to‘qimachilik mahsulotlari, oziq-ovqat, maishiy texnika va boshqa tovarlarning ishlab chiqarish bo‘yicha yakuniy bosqichlarini amalga oshirishlari mumkin. Shundan so‘ng mahsulotlar Gruziya va Poti zonasi orqali uchinchi davlatlarga eksport qilinadi.

ISSV alohida ma’lum qilishicha, 3-4 iyul kunlari Laziz Kudratov transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan birgalikda Gruziyaning Anakliya, Poti va Batumi portlari, shuningdek, Poti erkin sanoat zonasida bo‘ldi. Tashrif davomida O‘zbekistonning eksport-import operatsiyalarini Gruziya yo‘nalishi orqali kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Anakliyada O‘zbekiston tomonining Gruziyadagi eng yirik chuqur dengiz portini barpo etish loyihasida ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Qurilish yakunlangach, port barcha turdagi kemalarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, xalqaro transport yo‘nalishlarining muhim bo‘g‘iniga aylanadi, jumladan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston yo‘nalishi doirasida ham.

Potida O‘zbekiston eksport-import yuklari uchun ombor va terminal infratuzilmasini joylashtirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, Batumi portiga tashrif davomida ham hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi, mazkur port Qora dengiz yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashuvlarini rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega.

Tashrif yakunida kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi. O‘zbekiston kompaniyalari ishtirokida konsorsium tashkil etish hamda tegishli hamkorlik bitimlarini ishlab chiqish rejalashtirildi, deya ma’lum qildi ISSV.

Ikkinchi yo‘nalish — qishloq xo‘jaligi. Vazirning ma’lum qilishicha, Gruziya kompaniyalari bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyatida zaytun yetishtirish va zaytun moyi ishlab chiqarish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshirilgan. “Natija yaxshi bo‘ldi. Surxondaryo sharoitida zaytun yetishtirish mumkinligi amalda isbotlandi va endi bu loyiha 2000 gektargacha kengaytiriladi”, — dedi u.

Laziz Kudratov chorvachilik va akvakultura uchun ozuqa ishlab chiqarishni ham muhim loyihalardan biri deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Gruziyaning yirik kompaniyalaridan biri Markaziy Osiyo bozori uchun O‘zbekistonda ishlab chiqarish habi tashkil etishni taklif qilmoqda. “Bu mahsulotlar nafaqat ichki bozorga yetkazib beriladi, balki qo‘shni mamlakatlarga ham eksport qilinadi”, — dedi vazir.

Uchinchi yo‘nalish — farmatsevtika. Laziz Kudratovning aytishicha, Gruziya kompaniyalari allaqachon o‘z mahsulotlarini O‘zbekistonga yetkazib bermoqda. Endi esa tomonlar ushbu mahsulotlarni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

To‘rtinchi yo‘nalish — turizm. “Gruziya bu sohada katta tajribaga ega. Biz bu tajribadan foydalanmoqchimiz va bir qator gruzin kompaniyalari O‘zbekistonda mehmonxonalar, turistik majmualar va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga tayyor”, — dedi vazir.

Beshinchi yo‘nalish sifatida u energetika va elektrotexnika sohasini qayd etdi. Laziz Kudratovning so‘zlariga ko‘ra, Gruziya har yili 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ga kabellar, transformatorlar va boshqa elektrotexnika mahsulotlarini import qiladi. “Bunday mahsulotlar O‘zbekistonda ham ishlab chiqariladi. Shu bois bu yo‘nalishda tadbirkorlarimiz uchun katta imkoniyatlar bor”, — deya ta’kidladi u.

Loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shma investitsiya fondi tashkil etish rejalashtirilmoqda. “Eng muhimi, biz tizimli ravishda o‘zaro hamkorlikni amalga oshiramiz. Dasturga muvofiq, biz barcha yo‘nalishlarni savdo, investitsiya, transport sohasini qamrab olgan holda aniq kelishuv, aniq yo‘nalishlarni belgilab oldik”, — dedi Laziz Kudratov.

Eslatib o‘tamiz, tashrif doirasida O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya ham imzolangan edi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy davlat mukofotlaridan biri — “Oltin mo‘yna” ordeni bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, bojxona sohasida axborot almashish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi, davlat moliyasini boshqarish va budjet jarayonlarini tashkil etish sohalarida tajriba hamda axborot almashishni nazarda tutuvchi kelishuvlarga erishildi. Tomonlar, shuningdek, Gruziyada O‘zbekiston elchixonasini ochishga ham kelishib oldi.

Source: www.gazeta.uz