Italiyaning Sardiniya hududida o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari uchun ish o‘rinlari ochilgan. Bu haqda Migratsiya agentligining Xorijda ish Telegram kanalida xabar berildi.
Sardiniya sog‘liqni saqlash tizimining yillik ehtiyoji 100 nafar tibbiyot xodimini tashkil etadi. Bo‘sh ish o‘rinlari quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha taklif etilmoqda: shifokorlar (kardiolog, nevrolog, pediatr, onkolog, jarroh, anesteziolog, reanimatolog, travmatolog, ortoped, akusher-ginekolog, endokrinolog, radiolog, psixiatr, terapevt, oftalmolog, otorinolaringolog, urolog, nefrolog, gastroenterolog, gematolog, immunolog, allergolog, dermatolog, venerolog, infeksionist, patologoanatom, sud-tibbiyot eksperti), hamshiralar va laborantlar.
Nomzodlar uchun ish tajribasi majburiy emas, biroq mavjudligi ustunlik beradi. Talabgorlar oliy tibbiy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomga ega va 50 yoshgacha bo‘lishi kerak (40 yoshgacha bo‘lgan nomzodlarga ustuvorlik beriladi).
Ish boshlashdan avval nomzodlar Italiyaning Peruja universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan italyan tili kurslarida 7 oy davomida o‘ziga qulay joy va vaqtda onlayn shaklda o‘qitiladi. O‘qish xarajatlari Migratsiya agentligi tomonidan qoplanadi (oyiga 600 yevro).
Til kursini muvaffaqiyatli yakunlagan xodimlar uchun boshlang‘ich maosh 3500 yevrogacha etib belgilangan. Qo‘shimcha ish soatlari va tungi navbatchiliklar uchun bonuslar hisobiga umumiy daromad 4000 — 5000 yevrogacha oshishi mumkin. Ish vaqti haftasiga 38 soatni tashkil etadi.
Bundan tashqari, ish beruvchi tomonidan turar joy xarajatlari qoplanadi, tushlik ta’minlanadi va tibbiy sug‘urta rasmiylashtiriladi.
Ushbu havola orqali ro‘yxatdan o‘tiladi. Qo‘shimcha ma’lumot va ro‘yxatdan o‘tish uchun Migratsiya agentligining 71 202−33−55 (ichki raqam 221) telefoniga murojaat qilish mumkin.
Source: www.gazeta.uz