Ijtimoiy tarmoqlarda Shota Rustaveli ko‘chasida qurilish ishlari vaqtida oqava suv quvuri shikastlanib, suvlar Salar kanaliga tusha boshlagani haqida xabarlar tarqaldi.
Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘ining topshirig‘iga ko‘ra, tezkor ishchi guruh tuzilib, voqea joyiga chiqdi. Guruh tarkibiga atrof-muhit monitoringi, iqlim o‘zgarishiga moslashish va gidrometeorologiya yo‘nalishlari bo‘yicha boshqarma analitik laboratoriyasi mutaxassislari hamda Yakkasaroy tumani ekologik inspeksiyasi davlat inspektorlari kiritildi.
Tekshiruv davomida qurilish ishlari vaqtida ehtiyotsizlik tufayli oqava suv quvuri shikastlangani va natijada to‘g‘ridan-to‘g‘ri Salar kanaliga oqizilgani aniqlandi.
Boshqarma analitik laboratoriyasi mutaxassislari kanaldan suv namunalarini olib, laboratoriya tadqiqotlariga yubordi.
Laboratoriya tahlili va tekshiruv yakunlari bo‘yicha atrof-muhitni muhofaza qilish qonunchiligi talablarining buzilishi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi qayd etildi. Tekshiruv yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun oldin Yakkasaroy tumanidagi turar-joy majmuasi qurilish maydonchasida katta tuproq ko‘chishi sodir bo‘lgan edi. Avariyaga kanalizatsiya tarmog‘idagi texnik nosozlik sabab bo‘lgan. Quvurning shikastlanishi suv oqishiga olib kelib, tuproqni yuvib, cho‘kish va keyingi qulashga sabab bo‘lgan.
Source: uznews.uz