Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni neft-gaz tarmog‘ini 2026−2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash jarayoni bo‘yicha hisobot bilan tanishdi. Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, taqdimotda sovuq davrda aholi, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.

️ Mirziyoyev tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish, magistral va hududiy gaz tarmoqlarini ta’mirlash, yonilg‘i zaxiralarini shakllantirish hamda avariya-tiklash brigadalarini tayyorlash bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Gaz ta’minoti tizimiga alohida e’tibor qaratilib, mavsum boshlangunga qadar magistral gaz quvurlarining 53,7 km li nuqsonli qismlarini almashtirish, shuningdek, kompressor stansiyalaridagi 77 ta gaz haydash agregatini kapital ta’mirlash rejalashtirilmoqda.

️ 881 ta mahalladagi 220 mingta xonadonning gaz ta’minotini yaxshilash va texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida gazni taqsimlash tizimi uch bosqichlidan ikki bosqichliga o‘tkaziladi. Shuningdek, 711,9 km gaz tarmoqlari va 400 ta gaz taqsimlash punktini kapital ta’mirlash hamda rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda.

️ Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash masalasi alohida ko‘rib chiqildi. Kuz-qish mavsumida 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Shundan 8200 tonnasi borish qiyin bo‘lgan 229 ta aholi punktida yashovchi 104,7 ming iste’molchiga yo‘naltiriladi.

️ Bo‘lajak mavsum uchun yonilg‘i zaxiralari ham shakllantirilmoqda. Dekabr-yanvar oylari uchun 120 ming tonna hajmida avtomobil benzini zaxirasini yaratish rejalashtirilgan (o‘tgan yili zaxira 65 ming tonna deb baholangandi). Isitish mavsumi davomida issiqlik elektr stansiyalariga 4,16 mln tonna ko‘mir yetkazib berilishi kutilmoqda (o‘tgan yili 4,9 mln tonna rejalashtirilgandi).

️ “O‘zbekneftgaz” tizimidagi korxonalarda 90 ta texnologik qurilmada ta’mirlash ishlari olib boriladi. Taqdimotda ta’kidlanganidek, bu ishlab chiqarish quvvatlarining uzluksiz ishlashini hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlashni kafolatlashi lozim.

️ Prezident tayyorgarlik ishlari faqatgina neft-gaz tarmog‘i bilan cheklanib qolmasligi, balki energetika va kommunal sohalar bilan hamkorlikda olib borilishi kerakligini qayd etdi. Shu maqsadda respublika va hududiy komissiyalar faoliyatini tashkil etish, tayyorgarlik jarayonlarini muvofiqlashtirish va uning borishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatish topshirildi.

️ Mas’ul shaxslarga belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qat’iy nazorat qilish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni o‘z vaqtida va sifatli yakunlash, shuningdek, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy hamda suyultirilgan gaz va boshqa turdagi yonilg‘ilar bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

️ Joriy yilning besh oyida gaz qazib olish hajmi 15,8 mlrd kub metrni tashkil etdi — bu 2025-yilning shu davridagi ko‘rsatkichga (18,4 mlrd) nisbatan 14 foizga (2,6 mlrd kub metrga) kamdir. May oyida 3,2 mlrd kub metr gaz qazib olindi, bu o‘tgan yilning may oyidagi ko‘rsatkichdan 4,6 foizga pastdir. Aprel oyida esa bir oylik pasayish 18,8 foizni tashkil etgandi.

️ Taqqoslash uchun: 2019-yilning yanvar-may oylarida ishlab chiqarish hajmi 25,9 mlrd kub metrga yetgan bo‘lib, bu hozirgi ko‘rsatkichdan 10,1 mlrd kub metrga yoki 64 foizga ko‘p demakdir.

️ Yanvar-may oylarida ko‘mir qazib olish hajmi 1,6 mln tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan (2,37 mln tonna) 32,5 foizga qisqardi. May oyida 300 ming tonna ko‘mir qazib olindi — bu 2025-yilning may oyidagiga qaraganda 49,9 foizga kamdir. Bu asosiy energiya resurslari turlari orasidagi eng keskin pasayishlardan biri bo‘ldi.

Source: www.gazeta.uz