Prezident Shavkat Mirziyoyevga Samarqandni Markaziy Osiyoning ekologik barqaror va iqlim o‘zgarishiga moslashgan “yashil shahri”ga aylantirishni nazarda tutuvchi Green Samarkand modeli taqdim etildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha 2030-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bo‘lib, uning maqsadli ko‘rsatkichlari qatoriga atmosferaga chiqarilishi mumkin bo‘lgan 51,2 ming tonna zararli tashlamalarning oldini olish, sanoat va energetika obyektlarida chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish orqali PM2,5 va PM10 zarrachalarini 50 foizga kamaytirish, qurilish obyektlaridan chiqadigan chang miqdorini 80 foizga, transport vositalaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar hajmini 50 foizga qisqartirish, chiqindi poligonlari hajmini 2 barobar kamaytirish hamda aholi yashash punktlarida yashil hududlar ulushini o‘rtacha 30 foizga yetkazish kiritilgan.
Loyihani amalga oshirish uchun shaharsozlik, ekologiya, transport, qurilish, turizm, sanoat va kommunal xo‘jalik sohalaridagi tadbirlarni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanuvchi “Yashil Samarqand” loyiha ofisi tashkil etiladi. Shuningdek, maxsus ekolog-shaharsozlik rejimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan obyektlar uchun energiya va suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash, chiqindilarni saralash hamda qayta ishlashni o‘z ichiga olgan “yashil qurilish” talablari majburiy etib belgilanadi. Ekologik talablarga javob bermaydigan obyektlar foydalanishga topshirilmaydi.
Transport sohasida katta sig‘imli 50 ta elektrobus xarid qilish, 150 ta yangi svetofor o‘rnatish hamda 2030-yilgacha jamoat transporti va taksilarni to‘liq elektr transportiga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Park & Ride avtoturargohlar tizimini joriy etish, piyodalar uchun turistik zonalar yaratish va shahar markaziga shaxsiy avtomobillar kirishini bosqichma-bosqich cheklash rejalashtirilmoqda.
Loyiha suv va yashil infratuzilmani rivojlantirishni ham o‘z ichiga oladi. Samarqandda kamida to‘rtta sun’iy ko‘l va suv havzasi tashkil etish, 10 ta yangi favvora qurish, mavjudlarini modernizatsiya qilish hamda umumiy uzunligi 319 km bo‘lgan ariqlar tizimini tiklash belgilangan. Yangi katta halqa yo‘li bo‘ylab uzunligi 102,7 km, maydoni esa 3532 gektar bo‘lgan yashil belbog‘ yaratish taklif etilmoqda. U havoning changlanishi va haroratini pasaytirishi, shuningdek, shahar atrofida tabiiy himoya bo‘lib xizmat qilishi lozim.
Bundan tashqari, 300 gektar maydonda Green City Samarkand hududini barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, u yerda uy-joylar, ofislar, turistik va jamoatchilik obyektlari xalqaro “yashil shahar” standartlari asosida quriladi. Alohida blok sanoat sohasiga bag‘ishlangan. Korxonalarda eng maqbul texnologiyalarni, Zero Visible Emission tizimini va raqamli ekologik monitoringni joriy etish, shuningdek, ekologiyaga jiddiy xavf tug‘diruvchi I va II toifadagi sakkizta korxonani shahar tashqarisiga ko‘chirish taklif qilinmoqda.
Chiqindilar bilan ishlash sohasida chiqindilarni saralash va qayta ishlashni, shuningdek, chiqindilarni noqonuniy tashlash holatlarini qayd etuvchi raqamli tizimni o‘z ichiga olgan Zero Waste Samarkand konsepsiyasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Carbon Neutral Samarkand bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, ekologik loyihalarni moliyalashtirish va ekologik ko‘rsatkichlarni ochiq monitoring qilish uchun platformalarni ishga tushirish, shuningdek, Green Samarkand brendi, Green Hotels Samarkand reytingi hamda bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha loyihalarni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Loyiha mualliflarining fikriga ko‘ra, dasturning amalga oshirilishi Samarqandni “Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti”ga aylantirishi lozim. Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qulladi va mas’ul shaxslarga ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi.
Source: www.gazeta.uz