Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ijtimoiy tarmoqlarda 1 iyuldan boshlab pasport, ID-karta, haydovchilik guvohnomasi va 15 dan ortiq boshqa hujjatlarning elektron versiyalari MyGov ilovasi orqali rasman tan olinishi haqida ma'lumot tarqaldi. Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi qarorida belgilangan.

SBDD rasmiy tushuntirish berib, ushbu tartib yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarga to‘liq tatbiq etilmasligini ta'kidladi.

Xizmat ma'lumotiga ko‘ra, transport vositasini boshqarayotgan haydovchi SBDD xodimining talabiga binoan biometrik pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini taqdim etishi shart.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, 2025-yil 1 iyuldan boshlab 17 turdagi hujjatlar uchun raqamli xizmatlar joriy etildi. Unga ko‘ra, banklar, notarial idoralar, aeroportlar, temir yo‘l ob'ektlari va davlat organlarida ushbu raqamli hujjatlarning qog‘oz nusxalari talab qilinmaydi. SBDD bu tartib ma'muriy xizmat ko‘rsatish markazlari, ro‘yxatga olish va imtihon bo‘linmalarida to‘liq amal qilishini ta'kidlaydi.

Biroq, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasiga ko‘ra, yo‘lda transport vositasini boshqarayotgan haydovchi shaxsini tasdiqlovchi hujjat – pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini taqdim etishi shart.

SBDD qayd etishicha, haydovchida pasport yoki ID-karta mavjud bo‘lsa, haydovchilik guvohnomasi, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik guvohnomasi, egalik yoki foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sug‘urta polisi va oynalarni qoraytirish ruxsatnomasini alohida olib yurish talab qilinmaydi.

Source: kun.uz