Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qonunchilik palatasi 7-iyuldagi yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yubordi.

Yangi loyihaga ko‘ra, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan iborat bo‘ladi. Ayrim harflarning qo‘llanilishiga aniqlik kiritilmoqda.

Deputatlar muhokamalar davomida qonun loyihasining amaliyotda samarali va bosqichma-bosqich joriy etilishini ta’minlashga qaratilgan qator takliflar bildirdi. Jumladan, qonun kuchga kirguniga qadar rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning amal qilishi saqlab qolinishi, davlat organlari va tashkilotlarining ramziy belgilari, peshlavha va ko‘rsatkichlari hamda boshqa atributlardan belgilangan muddatgacha foydalanish tartibi nazarda tutildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yilda “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan edi. 2021-yilda Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatlar alifboni takomillashtirish uchun asos bo‘ldi va ishchi guruh tuzildi.

2023-yil sentabrida ishchi guruh yangi alifbo loyihasini taqdim etdi. Loyihada to‘rtta harfni o‘zgartirish taklif qilindi: “O‘ o‘” ni “Õ õ”, “G‘ g‘” ni “Ğ ğ”, “Sh sh” ni “Ş ş” va “Ch ch” ni “C c” harfiga o‘zgartirish ko‘zda tutilgan.

Ishchi guruh a’zosi, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi Yorqin Odilov loyihani izohlab, “O‘ o‘” harfini “Õ õ” ga almashtirish matn ichida idrok qilishni osonlashtirishi va imlo xatolarini kamaytirishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, klaviaturada “O‘ o‘” harfini yozish uchun ikki harakat talab qilinadi va ko‘pincha apostrof noto‘g‘ri ishlatiladi. Saida Mirziyoyeva “O‘zbekiston” so‘zining turlicha yozilishi mumkinligini misol qilib keltirgan edi. Yangi versiyada “Õ õ” klaviaturaning “[” tugmasiga joylashtirilishi rejalashtirilmoqda.

“G‘ g‘” harfi o‘rniga “Ğ ğ” taklifi ham klaviaturada yozishni soddalashtirish bilan izohlandi. Bu shakl 1993-1995-yillarda qo‘llangan bo‘lib, “Ğ ğ” “]” tugmasiga joylashtiriladi.

“Ch” harfi o‘rniga “C” (talaffuzi “Ch”) taklif qilindi. 1929-1940-yillarda alifboda “Ch” ni ifodalash uchun ushbu harf ishlatilgan. Odilovning fikricha, bu shakl omma tomonidan yaxshiroq qabul qilinadi, chunki hozirgi “Ch” tarkibida “S” harfi mavjud.

“Sh” harfi o‘rniga “Ş ş” taklifi bilan lotin alifbosining avvalgi versiyalariga qaytish ko‘zda tutilgan. “Ş ş” turkiy xalqlar yozuviga xos bo‘lib, klaviaturada “W” tugmasiga joylashtirilishi mumkin.

Source: www.gazeta.uz