Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev startap ekotizimini rivojlantirish va telekommunikatsiya sohasida biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda IT-xizmatlar eksporti va startap ekotizimini rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi. 2030-yilgacha IT-xizmatlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazish, 5 ming faol startap yaratish va 2 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Xalqaro StartupBlink reytingida O‘zbekiston 31 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi deb tan olingani ta’kidlandi. Toshkent Markaziy Osiyo shaharlari orasida birinchi o‘rinni egallagan, Samarqand va Farg‘ona esa birinchi marta dunyoning TOP-1000 startap shaharlari qatoriga kirdi.

Sohani yanada rivojlantirish uchun Talent Hub dasturini ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, u xorijiy mutaxassislar va investorlarga masofadan turib korxona ro‘yxatdan o‘tkazish, bank hisob raqamini ochish va xalqaro bank kartasini rasmiylashtirish imkoniyatini beradi.

Shuningdek, IT-Park rezident-kompaniyalari xodimlari uchun soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish, IT Visa va Zero Risk dasturlarini kengaytirish taklif etildi.

IT-xizmatlar eksportchilari korxonalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, jumladan, ish haqi to‘lash xarajatlarini qisman qoplash, xorijiy buyurtmachilar va mutaxassislarni relokatsiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, shuningdek, xalqaro sertifikatlashtirish qiymatini kompensatsiya qilish nazarda tutilgan.

Source: uznews.uz