O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Jazoirning yangi tayinlangan elchisi Jamila Ashurdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi. Bu haqda TIV rahbari o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar 2026-yil iyun oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Jazoirga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari va erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish yuzasidan fikr almashdilar.
Muloqotda savdo-iqtisodiy, investitsiya, ta’lim, madaniyat va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishga tayyorlik bildirildi. Vazir Saidov elchi xonimga O‘zbekistondagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Jazoirning bundan avvalgi elchisi Muhammad Irki 2024-yildan 2026-yil may oyigacha O‘zbekistonda faoliyat yuritib kelgandi.
Source: www.gazeta.uz