Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahar IIBB Yunusobod tumanida sodir bo‘lgan halokatli yo‘l-transport hodisasi tafsilotlarini ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Kia avtomobilini 17 yoshli o‘smir boshqargan. U kechasi otasining kalitlarini ruxsatsiz olib, do‘stlarini taklif qilib, shahar bo‘ylab sayr qilishga chiqqan.

O‘smirning so‘zlariga ko‘ra, u yuqori tezlikda harakatlanayotgan bo‘lib, chorrahaga Lacetti chiqqanida to‘xtashga ulgurmagan. To‘qnashuv natijasida Lacettidagi ikki kishi halok bo‘lgan.

Yana uch kishi, jumladan ikki bola og‘ir jarohat olib, kasalxonaga yotqizilgan. O‘smir aybini tan olib, halok bo‘lganlarning qarindoshlari, ota-onasi va mamlakat aholisidan kechirim so‘ragan va sodir bo‘lganidan chuqur afsusda ekanligini bildirgan.

O‘smirning ota-onasi ham marhumlar oilasiga ta’ziya bildirib, qonun doirasida javobgarlikni o‘z zimmalariga olishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilgan. Shuningdek, hodisadan so‘ng mahalla aholisi ishtirokida jamoat muhokamasi tashkil etilgan, o‘smirlar o‘qigan maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari bilan uchrashuv o‘tkazilgan.

Hozirda Jinoyat kodeksining 266-moddasi (yo‘l harakati xavfsizligi yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish, odam o‘limiga sabab bo‘lish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu modda 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Badamzordagi halokatli yo‘l-transport hodisasida ikkala avtomobil rulida ham voyaga yetmaganlar bo‘lganligi xabar qilingan edi.

Source: podrobno.uz