Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan «Xavfsiz va sog‘lom mamlakat» tadbiri doirasida yirik kiberfiribgarlik tarmog‘ining faoliyati to‘xtatildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tarmoq a’zolari xorijiy davlatlar fuqarolarini yuqori daromadli investitsiya va kriptovalyuta loyihalari bilan aldab, ularning mablag‘larini o‘zlashtirgan. Buning uchun ular chet tillarini yaxshi biladigan yoshlarni, jumladan, nufuzli oliy o‘quv yurtlari talabalarini jalb qilgan, har biri kuniga yuzlab qo‘ng‘iroqlar amalga oshirgan.
Xususan, Toshkentda ikkita yirik firibgarlik kol-markazi aniqlandi. Yashnobod tumanidagi biznes-markazning oltinchi qavatida o‘tkazilgan tintuvda 97 kishi, shulardan besh nafari xorijiy fuqarolar ekanligi aniqlangan. Yakkasaroy tumanidagi boshqa bir biznes-markazning 11-qavatida esa ikkinchi kol-markazi fosh etilgan bo‘lib, u yerda 34 kishi, jumladan, uch nafar xorijiy fuqaro ishlagan.
Tergov kol-markazlarda rahbarlar, tashkilotchilar, yordamchilar, timlidlar va operatorlardan iborat tuzilma mavjudligini aniqlagan. Ular oyiga 70% gacha daromad va’da qiluvchi fishing havolalar yaratib, almashtirilgan telefon raqamlari orqali Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Niderlandiya, Daniya va boshqa davlatlar fuqarolariga qo‘ng‘iroq qilgan. O‘zlarini treyder sifatida tanishtirib, jabrlanuvchilarni go‘yoki investitsiya sifatida kriptoaktivlarni o‘tkazishga ishontirgan.
Xodimlarni qabul qilishda ularga maxfiy qoidalarga qat’iy rioya qilish o‘rgatilgan. Xorijiy mijozlar bilan muloqotda taxalluslar ishlatilgan. Ofislarga kirish qattiq nazorat ostida bo‘lib, eshiklar oldida doimiy ravishda qo‘riqchilar navbatchilik qilgan.
Maxsus operatsiya davomida yuzlab kompyuterlar, mobil telefonlar, qattiq disklar, seyflar va boshqa jihozlar musodara qilingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, sxemaning tashkilotchisi xorijiy fuqaro bo‘lib, u O‘zbekiston fuqarosi bilan birgalikda noqonuniy faoliyatni amalga oshirgan. Jinoyat guruhining ikkala taxminiy rahbari va kol-markazlar faoliyatiga aloqador yana sakkizta asosiy gumonlanuvchi hibsga olingan.
Bundan tashqari, yana 10 nafar gumonlanuvchi qamoqqa olingan, qolgan 111 kishiga nisbatan tezkor-qidiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu fakt bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari davom etmoqda. Hozirda IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasi va Interpolning Milliy markaziy byurosi orqali Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlariga so‘rovlar tayyorlanmoqda.
Source: uznews.uz