Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi yig‘ilishida 9 iyul kuni Senatning o‘n yettinchi yalpi majlisini chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deb xabar beradi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.
Yalpi majlis kun tartibiga mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, davlat boshqaruvi, qurilish, texnik jihatdan tartibga solish, yong‘in xavfsizligi, farmatsevtika, ijtimoiy himoya, raqamli texnologiyalar, xalqaro hamkorlik va qonunchilikni takomillashtirishga oid bir qator muhim masalalar kiritilgan.
Ular orasida “Toshkent xalqaro moliyaviy markazi to‘g‘risida”gi va “Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunlar, “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi Qonun bor.
Yalpi majlisda, shuningdek, bolalarni ijtimoiy himoya qilish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, texnik jihatdan tartibga solish, qurilish sohasida davlat nazorati, yong‘in xavfsizligi, davlat fuqarolik xizmati, farmatsevtika sohasi va boshqa yo‘nalishlarga oid qonunlar muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, senatorlar O‘zbekistonning ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha Milliy ma’ruzani tinglaydilar.
Bundan tashqari, boshqaruvchi servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga oid Vazirlar Mahkamasiga yo‘llangan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilinadi.
Source: uznews.uz