O‘zbekistonda Buxoro davlat tibbiyot universitetida o‘qiyotgan 22 yoshli hindistonlik talaba qizning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Jabrlanuvchi Hindistonning Kerala shtatidan edi.
Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi – Hindistonning Malappuram tumanidan bo‘lgan shaxs janjal chog‘ida qizga noutbuk bilan halokatli zarba bergan. Hozirda u qo‘lga olingan.
Jabrlanuvchining jasadi Hindistonga yetkazilgandan so‘ng, Kerala shtatida qayta sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazildi. Qizning qarindoshlari jasadida ko‘plab jarohatlar borligini aytib, o‘lim holatlarini har tomonlama tekshirishni talab qilmoqda. Ular, shuningdek, qiz o‘limidan oldin qiynoqqa solingani va gumonlanuvchi uni diniy o‘zgartirishga majburlashga uringanini da’vo qilmoqda.
Hindiston huquq-tartibot idoralari milliy qonunchilik mamlakat fuqarolariga nisbatan chet elda sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilishga ruxsat berishini ma’lum qildi.
Agar gumonlanuvchi O‘zbekistonda jinoiy javobgarlikka tortilsa, Hindistondagi ish yuritish to‘xtatilishi mumkin. Aks holda, tergov O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda, Hindiston elchixonasi va Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida davom ettiriladi.
Talaba qizning o‘limi holatlari bo‘yicha tergov O‘zbekiston va Hindistonda davom etmoqda.
Source: uznews.uz