Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston suv tanqisligini kamaytirishda eng sezilarli natijaga erishgan davlatlar qatoriga kirdi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari ko‘rsatkichlarini kuzatib boruvchi UN-Water mexanizmi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda chuchuk suv olish hajmining qayta tiklanadigan suv resurslariga nisbati 2017-yildagi 169 foizdan 2022-yilda 122 foizgacha pasaygan. Ya’ni besh yil ichida suv tanqisligi darajasi 47 foiz bandiga kamaygan. 2026-yil yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 117 foizgacha pasayishi kutilmoqda.

Taqqoslash uchun, shu davrda Pokiston ushbu ko‘rsatkichni 24,6 foiz bandiga, Turkmaniston 13,6 foiz bandiga, Armaniston 6,1 foiz bandiga, Ozarbayjon esa 1,8 foiz bandiga kamaytirgan. Bu va suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlarning boshqa natijalari, shuningdek, bugungi muammolar va kelgusi rejalar Toshkentda Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi tomonidan tashkil etilgan Ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishida taqdim etildi.

Yig‘ilishni Prezident administratsiyasi rahbarining suv ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Timur Butunbayev ochib berdi. Uning eslatishicha, so‘nggi sakkiz-to‘qqiz yil ichida sohada tizimli o‘zgarishlar amalga oshirilgan: Suv kodeksi qabul qilingan, 2030-yilgacha suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan. “Agar ushbu konsepsiya tahlil qilinsa, har bir ko‘rsatkich belgilangan muddatdan oldin bajarilayotganini ko‘rish mumkin. Ya’ni 2030-yilga mo‘ljallangan ayrim maqsadlarga bugunning o‘zidayoq erishildi”, — dedi Butunbayev.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) milliy tadqiqot universiteti prorektori Abdulhakim Salohiddinov kadrlar tayyorlashdagi yangi yo‘nalish haqida so‘zlab berdi. Uning ma’lum qilishicha, joriy yil 2-apreldagi prezident qarori ijrosi doirasida O‘zbekistonda ilk bor xalqaro suv diplomatiyasi bo‘yicha magistratura ochilgan. Unda nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni davlatlar, jumladan Afg‘oniston fuqarolari ham stipendiya asosida tahsil oladi.

Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi (DSXMK) Ilmiy-axborot markazi direktorining o‘rinbosari Sherzod Mo‘minovning aytishicha, suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingach, mamlakatdagi sug‘oriladigan yerlarning 60 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan, irrigatsiya kanallarining 40 foizi betonlashtirilgan. Nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish hisobiga ularning elektr energiyasi sarfi qariyb 30 foizga kamaygan. Shuningdek, 600 mingdan ortiq suvdan foydalanuvchi va 4 mln gektardan ziyod sug‘oriladigan yerlarni qamrab olgan yagona raqamli ma’lumotlar bazasi yaratilgan. Uning ta’kidlashicha, bu choralar har yili 10 mlrd kub metrdan ortiq suvni tejash imkonini bermoqda. 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni 15 mlrd kub metrga yetkazish rejalashtirilgan.

Mo‘minov alohida mintaqaviy muammolarga ham to‘xtaldi. Uning fikricha, Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanali qurilishi suv kam bo‘lgan yillarda Amudaryoning quyi oqimida suv tanqisligi xavfini yuzaga keltirishi mumkin. Yana bir omil — Tojikistonning 2040-yilgacha sug‘oriladigan yerlar maydonini qo‘shimcha 50 ming gektarga kengaytirish rejasi. Bu ham Amudaryo va Sirdaryo havzalari suvidan qo‘shimcha foydalanishni anglatadi.

“TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti ekspeditsiyasi hisobotini gidrotexnika inshootlari qurilishi fakulteti dekani, professor Bahriddin Hasanov taqdim etdi. O‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalardan iborat guruh bir oy davomida Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, sohadagi islohotlarning joylarda amalga oshirilishini o‘rgangan. 2026-yil yakunlariga ko‘ra, viloyatda jami 538 mln kub metr suv tejalgan. Shundan 215 mln kub metri suv tejovchi texnologiyalar, 323 mln kub metri esa sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash va modernizatsiya qilish hisobiga to‘g‘ri keladi.

Mustaqil ekspert Dilshod Shodiyevning fikricha, suv sohasidagi islohotlar juda cheklangan ilmiy bazaga tayanilmoqda. “So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda qariyb 20 mingta ilmiy ish himoya qilingan bo‘lsa, shularning atigi 48 tasi, ya’ni 1 foizdan kamrog‘i suv sohasiga taalluqli”, — dedi Shodiyev. Uning fikricha, buning asosiy sababi ilmiy tadqiqotlarning uzoq yillar davomida yetarlicha moliyalashtirilmaganidir. O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga ajratiladigan xarajatlar ulushi taxminan 0,1 foiz yoki undan ham past bo‘lib, bu ko‘rsatkich Isroilda 5,7 foiz, Janubiy Koreyada 3,5−4 foiz, qo‘shni Qozog‘istonda esa 0,7 foizni tashkil etadi.

Shodiyev fermerlarning yer huquqlari masalasiga ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish haqida ko‘p gapirilsa-da, bu jarayonni amalda suvdan foydalanuvchilar — fermer va dehqon xo‘jaliklari amalga oshiradi. Amaldagi Yer kodeksiga muvofiq, fermer xo‘jaliklarining yer ijarasi huquqi davlat tomonidan 11 ta asos bo‘yicha bekor qilinishi mumkin. Ulardan biri — “yerdan samarasiz foydalanish” bo‘lib, amaliyotda bu tushunchaga mahalliy hokim baho beradi. Shodiyevning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi uch yilda mamlakatdagi fermer xo‘jaliklarining 33 foizidan yer uchastkalari olib qo‘yilgan.

Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi direktorining o‘rinbosari Diyoraxon Toshmatova 2025-yil 13-oktabrdagi prezident farmoni bilan tashkil etilgan markaz faoliyati haqida ma’lumot berdi. Markazning asosiy vazifalari sohadagi islohotlarni tahliliy qo‘llab-quvvatlash, strategik rejalashtirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va innovatsion yechimlarni joriy etishdan iborat.

Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti eksperti Iskandar Abdullayevning ta’kidlashicha, e’tibor faqat infratuzilma va texnologiyalarga emas, balki suvdan foydalanuvchilarning islohotlarga bo‘lgan ishonchiga, ular davlat bilan munosabatlarning ochiqligi va xizmatlar sifatiga qanday baho berishlariga, shuningdek, tizimlarni ekspluatatsiya qilish va texnik xizmat ko‘rsatishga ham qaratilishi lozim.

Source: www.gazeta.uz