Jizzax viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari bir erkakni tibbiyot muassasasiga ishga joylashtirish evaziga pul olgan vaqtida qo‘lga oldi.
Viloyat IIB va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Sharof-Rashidov tumanining 37 yoshli fuqarosi ushlandi. Unga ko‘ra, erkak Paxtakor tumanidagi “Do‘stlik” mahallasida yashovchi ayolning ishonchiga kirib, tanishlari orqali uni Jizzax filiali Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga hamshira lavozimiga ishga joylashtirishni va’da qilgan.
Vositachilik uchun u 1000 dollar talab qilgan. Pulni olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Hozirda holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Avvalroq Navoiy viloyatida bir fuqaro tanishini “O‘zbekiston temir yo‘llari” qo‘riqlash otryadiga pora evaziga ishga joylashtirishni va’da qilgani aniqlangan edi.
Source: podrobno.uz