Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent metropolitenining “Mustaqillik maydoni” va “Bodomzor” bekatlarida ona va bola xonasi hamda hojatxona ishga tushirildi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.

Hojatxonadan foydalanish narxi 4 ming so‘mni tashkil etadi. U soat 07:00 dan 22:00 gacha ishlaydi. Xonalar zarur gigiyenik vositalar bilan ta’minlangan bo‘lib, ko‘rsatkichlar uch tilda – o‘zbek, rus va ingliz tillarida yozilgan.

Imtiyozli toifadagi fuqarolar, jumladan, Ikkinchi jahon urushi faxriylari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar, nafaqadagi fuqarolar, Chernobil falokati ishtirokchilari hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ushbu xizmatlardan bepul foydalanishi mumkin. Buning uchun tegishli tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil fevral oyida “Chilonzor” bekatida sinov tariqasida birinchi ona va bola xonasi ochilgan edi. Noyabr oyi boshida esa bir bekatda bir shaxsning hojatini ochiq joyda chiqargani aks etgan video tarqalib, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan edi.

Shu munosabat bilan metroda hojatxonalar sonini ko‘paytirish masalasi ko‘tarilgan va 9 ta bekatda bunday xizmatlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan edi. Hozirga qadar “Olmazor”, “Chilonzor”, “Paxtakor”, “Amir Temur”, “Buyuk ipak yo‘li”, “Do‘stlik”, “Chorsu” va “Beruniy” bekatlarida ona va bola xonalari faoliyat yuritmoqda.

Source: www.gazeta.uz