Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasida Canva kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi.
Mazkur shartnomaga ko‘ra, mamlakatning 10 mingdan ziyod maktablar uchun Canva for Education platformasidan 3 yil davomida bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi. Grantning umumiy qiymati 20 million dollarga teng.
Ushbu kelishuv Parij shahridagi YUNESKO Bosh qarorgohida bo‘lib o‘tayotgan “Ta’lim transformatsiyasi sammiti +4” (TES+4) doirasida tashkil etilgan.
Canva — Avstraliyada tashkil etilgan, bugungi kunda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida qo‘llanilayotgan yetakchi vizual dizayn platformasi. Uning ta’limga mo‘ljallangan bo‘limi o‘quvchilar va o‘qituvchilarga maxsus moslashtirilgan minglab taqdimotlar shablonlari to‘plamini taqdim etadi.
Delegatsiya, bundan tashqari, Hachette Livre nashriyot guruhi bilan fransuz tili darsliklarini yetkazib berish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha bitim imzolagan.
Shu bilan birga, France Éducation International rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari uchun Fransuz tili ta’limi bo‘yicha mintaqaviy markaz hamda fransuz tilini o‘qitish metodikasi bo‘yicha O‘zbekiston-Fransiya qo‘shma kompetensiyalar markazini tashkil etish masalalari muhokama qilingan.
Fransiya tomoni O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari fransuz tili o‘qituvchilari uchun ilk mintaqaviy malaka oshirish sessiyasini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan.
Source: www.gazeta.uz