Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Iyun oyida O‘zbekistonda aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya ko‘rsatkichi 0,1 foiz bandga pasayib, 10,2 foizni tashkil etdi. Bu Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga asoslangan sharhda qayd etilgan.

Hududlar kesimida eng yuqori sezilgan inflyatsiya Toshkent shahrida (12,3 foiz) va Andijon viloyatida (12,2 foiz) qayd etilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Xorazm viloyatida (8,5 foiz) kuzatilgan.

Aholining turli guruhlari orasida eng yuqori inflyatsiya maishiy xizmat va tashish sohalari vakillarida (11,6 foiz), eng past esa talabalarda (8,8 foiz) qayd etilgan.

Daromad darajasi bo‘yicha sezilgan inflyatsiya o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz qolgan. Daromadi 4 million so‘mdan yuqori bo‘lgan aholi orasida inflyatsiya respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgan.

Daromadga ega emasligini bildirgan respondentlar orasida sezilgan inflyatsiya 0,7 foiz bandga pasayib, 9,3 foizni tashkil etgan.

Iyun oyida bir qator asosiy tovar va xizmatlar narxi oshganini qayd etgan respondentlar ulushi keskin ortgan. Xususan, benzin va yoqilg‘i narxlari oshganini bildirganlar ulushi 38 foizgacha (+7 foiz band), elektr va tabiiy gaz – 31 foizgacha (+6 f.b.), shakar va qandolat – 18 foizgacha (+6 f.b.), guruch – 17 foizgacha (+10 f.b.) ko‘tarilgan. Un va non mahsulotlari qimmatlashganini sezganlar ulushi 9 foizgacha (+2 f.b.) oshgan.

Shu bilan birga, meva-sabzavotlar narxi ko‘tarilganini sezgan respondentlar ulushi 22 foizgacha (-7 f.b.) kamaygan. Go‘sht va sut mahsulotlari qimmatlashganini qayd etganlar ulushi biroz kamaygan (52 foizdan 52 foizgacha). Tuxum, tibbiy xizmatlar, dori-darmon, qurilish mollari va ta’lim xizmatlari biroz arzonlashgan.

Source: www.gazeta.uz