Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent metropoliteni harakat tarkibini yangilash doirasida yana 3 ta zamonaviy to‘rt vagonli poyezd poytaxtga keltirildi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi poyezdlar yo‘nalishlarga chiqarilgach, poyezdlar oralig‘i qisqaradi, tashish quvvati oshadi va foydalanish muddati tugayotgan eski vagonlar bosqichma-bosqich almashtiriladi.

Har bir yangi harakat tarkibi yoz faslida sovutish va qishda isitish tizimlari bilan jihozlangan bo‘lib, yo‘lovchilarga qulay sharoit yaratadi.

Yil yakuniga qadar poytaxt metrosi uchun yana 11 ta yangi poyezdni olib kelish rejalashtirilgan. Bu metro tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturning bir qismidir.

Metro ma’muriyati avvalroq 2025-yil noyabr oyida 2026-yilga mo‘ljallangan xarid rejasini e’lon qilgan edi: 56 ta yangi vagon (14 ta poyezd) sotib olinishi kutilmoqda.

So‘nggi to‘rt yil ichida Toshkent metrosi Rossiyaning “Metrovagonmash” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 41 ta yangi poyezdni qabul qilib olgan. Bu hamkorlik doirasida yetkazib berishlar davom etmoqda.

Source: www.gazeta.uz