Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston va Belarus fuqarolarning ro‘yxatdan o‘tmasdan mamlakatda bo‘lish muddatini 3 kundan 10 kungacha uzaytirishga kelishib oldi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Amir Sultonov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida Shavkat Mirziyoyevning Belarusga qilgan rasmiy tashrifi yakunlarini sharhlarkan, ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tegishli o‘zgarishlar ikki davlat rahbarlari huzurida imzolangan Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi bayonnomada mustahkamlab qo‘yilgan.

“Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g‘risida imzolangan bayonnoma mamlakatlar hududida ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lish muddatini 3 kundan 10 kungacha uzaytiradi. Bu, shubhasiz, qarindoshlar va do‘stlarni yo‘qlash, sayyohlik va ishbilarmonlik tashriflarini sezilarli darajada qulayroq qiladi”, — dedi Amir Sultonov.

9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Shuningdek, 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilindi hamda qishloq xo‘jaligi, fan, madaniyat, turizm, ijtimoiy himoya, mehnat migratsiyasi va favqulodda vaziyatlarning oldini olish sohalarida bir qator kelishuvlar imzolandi.

O‘zbekiston va Belarus hukumatlari o‘rtasidagi Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g‘risidagi bitim 2005-yil 19-yanvarda Toshkentda imzolangandi. U 2006-yil 25-iyuldan kuchga kirgan bo‘lib, muddatsiz amal qiladi.

Bundan avval O‘zbekiston va Belarus mehnat migratsiyasi to‘g‘risida ham kelishuv tuzgandi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekistondan keladigan mehnat migrantlarini oilalari bilan birga qabul qilishga tayyorligini bildirgan. U mamlakatga ishchi kuchi zarurligini, keluvchilarga esa tibbiy yordam va ta’lim berilishi mumkinligini ta’kidlagan: “Prezidentlarning xohish-irodasi bor, qo‘llab-quvvatlash bor, harakat qilish kerak”.

Source: www.gazeta.uz