Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentning Sergeli tumanidagi ko‘p qavatli turar joy obyekti qurilishida qator qoidabuzarliklar aniqlangach, qurilish to‘xtatildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi xabar bermoqda.

Ko‘p qavatli turar joy obyekti o‘rganilganda, qurilish materiallarini saqlash qoidalari buzilganligi, shuningdek, qurilish maydoni va uning atrofi tez yonuvchan chiqindilardan tozalanmaganligi aniqlangan. Bundan tashqari, obyektning bir nechta qismlarida temir-beton o‘zaklar sifatsiz hamda loyiha talablariga muvofiq bo‘lmagan holda bajarilgani ma’lum bo‘ldi.

Inspeksiya vakili qoidabuzarliklar to‘liq bartaraf etilmaguniga qadar qurilish ishlarini to‘xtatishni talab qildi. “Konstruktiv kamchilikka yo‘l qo‘yapsiz, aka. Ertaga bu yerda inson hayoti turibdi-da. Bu yer ko‘p qavatli turar joy binosi. Insonlar yashaydi. Oqibatini o‘ylang, aka. Shuning uchun hammasini bartaraf qilguningizga qadar qurilishni to‘xtatib, qayta bajarasiz”, — dedi inspektor inspeksiya matbuot xizmati e’lon qilgan videolavhada.

Mas’ullarga qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi. Obyektda sifatsiz bajarilgan temir-beton o‘zaklar joyida buzdirilishi boshlandi.

Inspeksiya ma’lum qilishicha, ayni paytda poytaxt bo‘ylab qurilish obyektlarida kuchaytirilgan tartibda nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda. Avvalroq qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov fuqarolarga uy-joy sotib olishdan oldin obyekt “Shaffof qurilish” tizimida ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmaganini tekshirishni tavsiya qilgan edi.

Iyun oyida prezidentga noqonuniy qurilishlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga doir takliflar taqdim etilgan. 2025-yilda aniqlangan noqonuniy qurilishlar soni 1952 taga yetgan. May oyida Senat qurilish sohasidagi korrupsiya xavflari va nazorat masalalari yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xizmatlari vazirligiga parlament so‘rovini yuborgan edi.

Senator Zumrad Bekatovaning ma’lum qilishicha, 2025-yil davomida 1601 ta holatda 29 mlrd so‘mlik sifatsiz qurilish ishlari aniqlangan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 63 mlrd so‘mni tashkil etgan. “Bugun foydalanishga topshirilayotgan binolar ertaga yurtdoshlarimiz uchun xavf manbaiga aylanmasligi zarur”, — degan edi senator.

Source: www.gazeta.uz