Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston metallurgiya kombinatining yagona boshqaruv pultidan boshqariladigan quyma-prokat majmuasida metall prokatlash jarayoni bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda kombinatni modernizatsiya qilish va ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada korxonaning sof foydasi 2017-yildagi 14 million dollardan 2025-yilda 23 million dollarga oshdi.

Quyma-prokat majmuasiga poydevor toshi davlatimiz rahbari tomonidan 2018-yil 29-avgustda Bekobodga qilgan tashrifi chog‘ida qo‘yilgan edi.

Loyihaning umumiy qiymati 839 million dollarni tashkil etadi. Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu majmua 18 gektar maydonda qurilgan bo‘lib, mamlakatning metall mahsulotlariga bo‘lgan o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.

Bu yerda umumiy ishlab chiqarish hajmini 2 million tonnaga yetkazish, qo‘shimcha ravishda 1,04 million tonna rulonli list prokati ishlab chiqarish, shuningdek, kombinatdagi ishchilar sonini 7 ming kishiga yetkazish rejalashtirilgan.

Majmuada Italiyaning Danieli kompaniyasi tajribasi asosida uzluksiz po‘lat quyish qurilmasi birinchi marta barcha texnologik uskunalar bilan integratsiyalangan va yagona boshqaruv pultidan boshqariladi.

Avvalgi texnologiyada jarayonlarni 4-5 pultdan boshqarishga to‘g‘ri kelgan, ularda to‘qqiz nafar xodim ishlagan bo‘lsa, endi yagona boshqaruv tizimi tufayli jarayonni atigi 3 mutaxassis nazorat qiladi.

Prezident yagona boshqaruv tizimiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va majmuaning barqarorligi hamda iqtisodiy samaradorligini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi.

Xavfsizlik darajasi va uskunalarning ishlash tezligi bo‘yicha ushbu majmua Markaziy Osiyoda noyob va o‘xshashi yo‘q. Xususan, asosiy vallarni avtomatik tarzda, ishlab chiqarish jarayonini to‘xtatmasdan va inson omilisiz, avvalgi 30-40 daqiqa o‘rniga atigi 5-7 daqiqada almashtirish imkoniyati yaratilgan.

Prezident list prokatidan tayyorlangan mahsulot namunalari bilan ham tanishdi.

Shuningdek, mas’ul shaxslarning axboroti tinglandi. Xususan, issiq prokatlangan list prokati ishlab chiqarishda qo‘shilgan qiymat zanjiri va respublikada o‘zlashtirish tavsiya etilgan mahsulotlar haqida ma’lumot berildi.

Source: kun.uz