Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Markaziy bank 2025 yilgi Moliyaviy barqarorlik sharhida ko‘chmas mulk bozoridagi asosiy o‘zgarishlarni tahlil qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda uy-joy narxlarining o‘sishi sezilarli darajada sekinlashgan.

Sharhda qayd etilishicha, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, uy-joyning bozor narxi so‘mda yillik hisobda 4,8% ga pasaygan, dollar ekvivalentida esa 1,5% ga oshgan. Markaziy bank bu holatni ko‘chmas mulk narxlari tobora fundamental omillar asosida shakllanayotgani bilan izohlaydi.

Narxlarning pasayishi bozorga qiziqishni kamaytirmagan. Aksincha, notarial rasmiylashtirilgan uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 15% ga oshib, 295,4 mingtaga yetgan. Bu uy-joyga bo‘lgan talabning yuqoriligidan dalolat beradi.

Regulyatorning ta’kidlashicha, bunga aholining moliyaviy imkoniyatlari kengaygani sabab bo‘lgan. Xususan, 2025 yilda nominal ish haqi 19% ga oshgan, ipoteka kreditlash shartlarining yaxshilanishi esa uy-joy sotib olishni yanada qulayroq qilgan.

Natijada aholining xarid qobiliyati indeksi yil davomida 115% dan 126% gacha oshgan. Markaziy bankda uy-joy mavjudligining yaxshilanishi 2024 yilga nisbatan o‘z uyiga ega bo‘lmagan uy xo‘jaliklari sonining 34,7 mingtaga qisqarishida aks etgan, deb hisoblashadi.

Shu bilan birga, regulyator uy-joy bozoridagi talabni faqat daromad va ipoteka imkoniyatlari bilan izohlab bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Demografik o‘sish, yangi oilalar sonining ko‘payishi va uy-joyga bo‘lgan yuqori talab ko‘chmas mulk bozorini qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillar bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun narx o‘sishi sekinlashganiga qaramay, bozordagi talab yuqori darajada qolmoqda.

Source: kun.uz