O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi aholiga anormal issiq havo sharoitida xavfsizlik bo'yicha tavsiyalar bilan murojaat qildi.
O'zgidromet ma'lumotlariga ko'ra, yaqin kunlarda havo harorati +41…+43 darajagacha, shimoliy, janubiy va cho'l hududlarida esa +44…+46 darajagacha ko'tariladi.
Vazirlik yuqori harorat organizmning qizib ketishiga, suvsizlanishga, qon bosimining o'zgarishiga, yurak-qon tomir tizimiga yuklama ortishiga va issiqlik urishiga olib kelishi mumkinligini ta'kidladi. Ayniqsa, 65 yoshdan oshganlar, chaqaloqlar va kichik bolalar, homilador ayollar, shuningdek, yurak-qon tomir kasalliklari, diabet, buyrak, nafas olish organlari va boshqa surunkali kasalliklari bo'lgan bemorlar ehtiyot bo'lishlari kerak. Xavf guruhiga, shuningdek, gipertoniya va yurak kasalliklari uchun dori-darmonlarni, siydik haydovchi, allergiyaga qarshi va psixotrop vositalarni qabul qiladigan odamlar ham kiradi.
«Bu odamlarda chanqoq hissi kechikishi, tana haroratini tartibga solish qobiliyati pasayishi yoki surunkali kasalliklarning kuchayishi kuzatilishi mumkin. Shuning uchun ularning holatini muntazam nazorat qilish zarur», — dedi vazirlik vakillari.
Vazirlik suvni tez-tez va kichik qultumlar bilan, chanqoq hissi paydo bo'lishini kutmasdan ichishni tavsiya qildi. Sog'lom kattalarga odatda kuniga 2-3 litr suyuqlik iste'mol qilish tavsiya etiladi. Yurak yoki buyrak kasalliklari, shuningdek, shishga moyil bo'lgan odamlar iste'mol qilinadigan suyuqlik hajmini shifokor tavsiyasiga ko'ra belgilashlari kerak.
Bundan tashqari, tabiiy matolardan tikilgan engil, och rangli kiyim kiyish, bosh kiyimi, quyoshdan saqlaydigan ko'zoynak va kerak bo'lganda quyosh kremini ishlatish tavsiya etiladi.
Ratsionda engil taomlarga — sabzavotlar, mevalar, sutli mahsulotlar, tuxum, tovuq va baliqqa ustunlik berish, yog'li, qovurilgan, achchiq va og'ir taomlardan voz kechish kerak. Kuniga 5-6 marta kichik porsiyalarda ovqatlanish tavsiya etiladi.
Sog'liqni saqlash vazirligi, shuningdek, soat 11:00 dan 17:00 gacha ochiq quyoshda bo'lishni cheklashni, ishlarni ertalabki yoki kechki soatlarga o'tkazishni, soyada bo'lishni va o'zingiz bilan ichimlik suvi olishni maslahat beradi.
Alohida ta'kidlanganidek, bolalarni, keksalarni va hayvonlarni to'xtab qolgan mashinada qoldirib bo'lmaydi, chunki salondagi harorat bir necha daqiqada hayot uchun xavfli darajaga yetishi mumkin.
Issiqlik urishi yoki boshqa xavfli alomatlar paydo bo'lganda, darhol tibbiy yordamga murojaat qilish kerak, deb ta'kidladi vazirlik.
Source: kun.uz