1-avgustdan Turkiyaning SunExpress aviakompaniyasi Izmir — Toshkent — Izmir yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirishni boshlaydi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tarixda ilk bor Toshkent va Izmir shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaaloqa yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik, biznes va madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Parvozlar haftasiga to‘rt marta 189 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan Boeing 737-800 rusumidagi havo kemalarida bajariladi. Tashuvchi kompaniya saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, parvozlar dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi. Parvoz davomiyligi — 4 soat 40 daqiqa. Bir tomonga aviachipta narxi 7500 turk lirasidan (1,93 mln so‘m) boshlanadi.
SunExpress O‘zbekiston aviatsiya bozoriga ilk bor kirib kelmoqda va mamlakatga muntazam reyslarni amalga oshiruvchi uchinchi Turkiya aviakompaniyasiga aylanadi. Aviakompaniya 2027-yil boshidan Farg‘ona vodiysidagi aeroportlarga ham muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
SunExpress — Turkiyaning yetakchi loukoster aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, 1989-yilda Turkish Airlines va Lufthansa kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan. Aviakompaniya Antaliya va Izmir shaharlarida bazalashgan bo‘lib, Yevropa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Markaziy Osiyoning 37 mamlakatidagi 250 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, Armanistonning Shirak Avia aviakompaniyasi Yerevan — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ydi. 2-iyun kuni Toshkentga ilk reys yetib keldi. Bu so‘nggi o‘n yilliklardagi ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz bo‘ldi. Aviaqatnovlar Boeing 737 samolyotlarida haftasiga bir marta amalga oshiriladi.
Source: www.gazeta.uz