Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kutilayotgan issiq kunlarda respublika bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli 280 mln kVt/soat, maksimal yuklama esa 13−13,3 GVtgacha yetishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Respublika shtabi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda yoz mavsumida yoqilg‘i-energetika tizimi obyektlarining barqaror ishlashini ta’minlash, elektr energiyasi iste’moli keskin oshadigan kunlarda iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, energetika obyektlarining 24 soatlik ish rejimini kuchaytirish, avariya brigadalarining shayligini oshirish hamda rejali ta’mirlash ishlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Energetika tizimi korxonalariga elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarning ishonchli ishlashini ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda profilaktik nazoratni kuchaytirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Shuningdek, Toshkent shahridagi ayrim podstansiyalarda kuzatilgan nosozliklar va ular oqibatida yuzaga kelgan avariyaviy uzilishlar alohida muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun tegishli mas’ullarning shaxsiy javobgarligi belgilanib, ayrim rahbarlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Idora gap aynan qaysi podstansiyalar va rahbarlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan.

Kutilayotgan issiq ob-havo sharoitida benzin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini sanoat va yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etgan holda, kuchaytirilgan nazorat asosida tashkil etish topshirildi.

Shuningdek, yong‘in va portlash xavfini kamaytirish maqsadida havo harorati yuqori bo‘lgan vaqtlarda suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish belgilandi.

Mazkur talablar ijrosini ta’minlash maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bosh prokuratura, “O‘zenergoinspeksiya” hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bilan hamkorlikda respublika hududlaridagi energetika obyektlari va yoqilg‘i infratuzilmasida yong‘in hamda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan kuchaytirilgan o‘rganishlar va nazorat reydlari tashkil etilishi belgilandi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, ijro va mehnat intizomini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Energetika vazirligi korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sudlangan xodimlar bilan mehnat munosabatlari bekor qilinayotganini qayd etdi.

Yig‘ilish yakunida barcha tizim rahbarlari qat’iy ogohlantirildi. Navbatdagi yig‘ilishlarda, eng avvalo, berilgan topshiriqlar ijrosi, hududlardagi haqiqiy holat hamda rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligi tanqidiy baholanishi qayd etildi.

Taqqoslash uchun, O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’molining mutlaq rekordi kichik quvvatli quyosh generatsiyasini hisobga olmaganda bir sutkada 283 mln kVt/soatni tashkil etadi. Avvalgi yozgi eng yuqori ko‘rsatkich 2025-yil 18-iyul kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda iste’mol 272,6 mln kVt/soatga yetgan. Xuddi shu yildagi qishki rekord esa 271,8 mln kVt/soatni tashkil qilgan.

Source: www.gazeta.uz