Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonning davlat va davlat kafolatlangan qarzi so‘nggi yillardagi jadal o‘sishdan so‘ng barqarorlashib, YaIMning taxminan 30 foizini tashkil etmoqda. Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (XVJ) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil oxiriga kelib ushbu ko‘rsatkich YaIMning 28,6 foiziga teng bo‘lgan.

Qarz portfelining 89 foizi bevosita davlat qarzi, qolgan 11 foizi esa davlat kafolatlangan majburiyatlardir. Asosiy qism – 76 foizi – rasmiy kreditorlar, jumladan xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy hukumatlar oldidagi qarzlardir. Qolgan 24 foiz tijorat tashqi qarzlari va ichki qarzlardan iborat.

XVJ ta’kidlashicha, 2015-2020 yillarda davlat qarzi YaIMning 6 foizidan 32 foizigacha oshgan. Bu 2017 yildagi valyuta islohoti va so‘m devalvatsiyasi hamda keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlarni moliyalashtirish uchun mablag‘ jalb qilish bilan bog‘liq edi. Biroq 2021 yildan beri ko‘rsatkich nisbatan barqaror bo‘lib, YaIMning 30 foizi atrofida saqlanmoqda.

Shu bilan birga, umumiy tashqi qarz hajmi o‘sishda davom etmoqda. 2015 yilda YaIMning 13,5 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib 49 foizga yetdi. XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda o‘sish asosan xususiy sektor hisobiga, davlat emas, balki xususiy kompaniyalar tomonidan ta’minlanmoqda.

Tashqi kreditlarni eng faol jalb qilayotgan tarmoqlar neft-gaz va energetika sektori bo‘lib, ular xususiy tashqi qarz o‘sishining taxminan 60 foizini tashkil etadi. Yana 8 foizni tijorat banklari ta’minlagan.

Mutaxassislar davlat qarzi tarkibidagi o‘zgarishlarni ham qayd etmoqda. Hukumat bozor qarzlarining ulushini bosqichma-bosqich oshirib, ichki qarz bozorini rivojlantirmoqda va dollar, yevro hamda so‘mda evroobligatsiyalar chiqarish orqali xalqaro kapital bozorlarida ishtirokini kengaytirmoqda.

Shuningdek, hukumat ichki davlat obligatsiyalarining muomala muddatlarini uzaytirishda davom etmoqda. 2020 yil oxirida ichki qarzning 40 foizi bir yildan kam muddatli qog‘ozlarga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2025 yil oxiriga kelib bu ulush 9,5 foizgacha qisqardi. XVJ fikricha, bu qayta moliyalash risklarini kamaytiradi va uzoq muddatli ichki qarz bozorining rivojlanishiga yordam beradi.

Source: podrobno.uz