Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi 13−17-iyul kunlari kutilayotgan anomal issiqlik to‘lqini munosabati bilan fuqarolar va davlat tashkilotlari uchun maxsus tavsiyalar e’lon qildi.

O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat hududiga janubdan juda issiq havo kirib kelishi kutilmoqda. Kunduzi havo harorati +41…+43 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida esa +44…+46 darajagacha ko‘tariladi. Bu ko‘rsatkichlar iqlimiy me’yordan sezilarli darajada yuqori.

Qo‘mita yashil maydonlar va hayvonlarni himoya qilish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi. “Anomal issiq havo insonlar bilan bir qatorda, mamlakatimizdagi yashil hududlar, daraxtlar, butalar va hayvonot dunyosi uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi. Daraxtlarning qurib qolishi, yashil hududlarning zararlanishi hamda suv tanqisligi ekologik barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — deya ta’kidladi idora.

Fuqarolarga quyidagi choralarga rioya qilish tavsiya etiladi: kunning eng issiq vaqtlarida (12:00−17:00) ochiq havoda bo‘lishdan saqlanish, ko‘p suyuqlik ichish, engil kiyim kiyish, bolalar va keksalarni ehtiyot qilish. Shuningdek, davlat tashkilotlari va korxonalarga ish vaqtini moslashtirish, ishchilarga qo‘shimcha dam olish vaqtlari berish tavsiya qilinadi.

Qo‘mita, shuningdek, suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish, daraxt va butalarni sug‘orish jadvalini kuchaytirish, hayvonlarni haddan tashqari qizib ketishdan himoya qilish choralarini ko‘rish zarurligini uqtiradi.

Source: www.gazeta.uz