1-iyul holatiga ko‘ra, nomiga kredit rasmiylashtirishga taqiq qo‘yish imkonini beruvchi “Kredit taqiqi” xizmatini O‘zbekistonning 2,57 milliondan ortiq aholisi faollashtirgan. Bu haqda Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) ma’lum qildi.
Bir yil ichida o‘z-o‘ziga taqiq o‘rnatish xizmatidan foydalanuvchilar soni 77 barobardan ziyod o‘sdi. 2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, ushbu xizmatdan 33,1 ming kishi foydalangan bo‘lsa, 1-oktabrga kelib bu ko‘rsatkich 149,5 mingni, 2026-yil 1-yanvarga kelib 438,3 mingni tashkil etgandi. 1-aprelga kelib foydalanuvchilar soni 2 mln 208 mingtaga, 1-iyulga kelib esa 2 mln 574 mingtaga yetgan.
O‘z o‘ziga taqiq o‘rnatganlarning aksariyati erkaklardir: deyarli 1,5 million kishi yoki 58 foiz. Ayollar esa 1,08 million foydalanuvchini yoki 42 foizni tashkil etadi.
Foydalanuvchilarning eng katta guruhi, ya’ni 30 foizi 26−35 yoshdagi fuqarolar — 764 943 kishi. Keyingi o‘rinlarni 26 yoshgacha bo‘lganlar — 647 651 (25 foiz), 36−45 yoshlilar — 609 665 (24 foiz), 46−55 yoshlilar — 319 354 (12 foiz) va 56 yoshdan kattalar — 232 413 kishi (9 foiz) egallagan.
Kredit olishni ixtiyoriy ravishda o‘z o‘ziga taqiqlash xizmati 2025-yil 6-iyundan ishga tushgan. U kredit shartnomasi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestriga fuqaro haqidagi ma’lumotlarni kiritish yoki undan chiqarish imkonini beradi. Bunday chora prezident tomonidan 4-martda imzolangan qonun doirasida joriy etilgan bo‘lib, fuqarolarni ularning xabarisiz firibgarlik yo‘li bilan kredit rasmiylashtirilishi holatlaridan himoya qilishga qaratilgan.
Gazeta avvalroq 2023-yilda 2790 nafar fuqaroning nomiga ularning xabarisiz 19 milliard so‘mlik kreditlar rasmiylashtirilgani, 2024-yilning sakkiz oyida bo‘lsa 874 nafar jismoniy shaxs jabr ko‘rgani va ularga 36,6 milliard so‘m ajratilgani haqida yozgandi.
Ushbu taqiq xizmatini KATM mobil ilovasi, kredit byurosi saytidagi shaxsiy kabinet, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va uning mobil ilovasi, shuningdek, Davlat xizmatlari markazlari hamda kredit byurosiga shaxsan murojaat qilish orqali faollashtirish mumkin.
Bunday taqiqni davlat xizmatlari portali, uning mobil ilovasi, Davlat xizmatlari markazlari yoki bevosita KATM orqali bekor qilish mumkin. Xizmat bepul taqdim etiladi.
Source: www.gazeta.uz