Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yer usti avtoturargohlarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish huquqi uchun auksion yakunlandi.
Lotning boshlang‘ich narxi 1,3 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, savdolar davomida narx 293 marta oshirilib, 20,9 mlrd so‘mga yetdi. Bu dastlabki narxdan deyarli 16 baravar ko‘pdir.
Auksion g‘olibi «ANGLESEY FOOD» MChJ xorijiy korxonasi bo‘ldi. Ushbu kompaniya Korzinka supermarketlar tarmog‘ini boshqaradi.
Qayd etilishicha, investor tomonidan taklif qilingan summa bir martalik to‘lovdir. Kelajakda unga yillik ijara to‘lovi va Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasiga ajratmalar qo‘shiladi.
Source: uznews.uz