14-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tumani sudida 2025-yil sentabr oyida Toshkent viloyatidagi bir necha tumanlarda bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlanganiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni tugadi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar qildi.
Sud hukmiga muvofiq, 11 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Ulardan 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlar, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlar va 3 yil muddatga ozodligi cheklanganlar bor. Sud hukmi bilan, sudlanuvchilarga Jinoyat kodeksining 45-moddasiga asosan muayyan huquqdan mahrum qilish belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining apellyatsiya/kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilindi.
Ayblov materiallariga ko‘ra, yuqorida nomi tilga olinganlar Piskent, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Quyi Chirchiq va Bekobod tumanlarida joylashgan jami 123 ta bog‘chaga autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi, sut va boshqa mahsulotlari bilan ta’minlovchi kompaniyalar mansabdorlari va boshqalar bilan o‘zlarida ishlab chiqarilayotgan sut va sut mahsulotlarini bog‘chalar tarbiyalanuvchilarini iste’moliga kiritish maqsadida oldindan jinoiy til biriktirgan. Ular bir guruh bo‘lib, sut va sut mahsulotlarini ishlab chiqarib, ushbu mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzgan.
2025-yil 25-sentabr kuni ertalab bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani ma’lum bo‘lgan. O‘sha kuni kechqurun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi shifoxonalarda 109 nafar bola borligini xabar qilgan. Keyinchalik viloyat tibbiyot muassasalariga zaharlanish shikoyati bilan 1922 nafar bola murojaat qilgani ayon bo‘lgan.
Tergovning dastlabki natijalariga ko‘ra, zaharlanishga Shark Milk Product kompaniyasining kefir mahsuloti sabab bo‘lgan. Viloyatning Bo‘ka, Piskent, Bekobod, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi bog‘chalarga uchta autsorsing kompaniyasi xizmat ko‘rsatgan. Ularning barchasi sut-qatiq mahsulotlarini Shark Milk Product'dan sotib olgan.
Piskent tumani uchun Governess Business, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlari uchun Nishon Invest, Bo‘ka tumani uchun esa Innavation Outsourcing Service autsorsing kompaniyalari mas’ul bo‘lgan.
Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi 25-sentabr kuni Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi.
Hodisadan biroz oldin, 16-sentabr kuni Kun.uz davlat bog‘chalarida ovqatlanishni autsorsing asosida tashkil etish tizimi bo‘yicha surishtiruv e’lon qilgandi. Unda tadbirkorlar tenderlar o‘tkazishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsion sxemalar haqida ma’lum qilishgan.
Shunga o‘xshash ommaviy zaharlanish holati 2021-yilda Oqqo‘rg‘on tumanida ham yuz bergan bo‘lib, o‘shanda 25 nafar bola jabrlangandi. O‘sha paytda jinoyat ishi Bosh prokuratura nazoratida ekani xabar qilingan, biroq natijalar ochiqlanmagan.
Shark Milk Product (savdo belgisi — Royal Milk) o‘sha vaqtda ham Oqqo‘rg‘on tumani maktabgacha ta’lim bo‘limiga sut mahsulotlari yetkazib bergan. Zaharlanish aynan ushbu kompaniya mahsulotlari bilan bog‘liq bo‘lganmi yoki yo‘q — noma’lum. O‘sha davrda kompaniyaning yagona ta’sischisi Fazliddin Farhodovich Omonov bo‘lgan.
Source: www.gazeta.uz