Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Turkiyada yashovchi tadbirkor Ravshan Muxtitdinovga nisbatan xalqaro qidiruv bekor qilindi. Ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, tergov harakatlaridan so'ng uning aybi isbotlanmagan.

37 yoshli Muxtitdinovning ismi aprel oyida Interpol saytida paydo bo'lgan edi. IIV brifingida nima sababdan xalqaro qidiruv bekor qilingani haqida savolga javob berildi.

Toshkent shahar IIB boshlig'ining o'rinbosari Dilmurod Mirsodikov Muxtitdinovning aybi tasdiqlanmaganini aytdi. «2021-yilda ushbu fakt bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilgan, «Ravshan Zolotoy»ga nisbatan qidiruv e'lon qilingan. Javobgarlikka tortish muddati tugagach, unga nisbatan jinoyat ishining bir qismi tugatilgan.

Bir qator tergov harakatlaridan so'ng qo'shimcha arizalar kelib tushgan va qidiruv tadbirlari faollashtirilgan. Barcha tergov harakatlari o'tkazilgach, uning aybi isbotlanmagan va qidiruv tadbirlari bekor qilingan», — dedi Dilmurod Mirsodikov.

Ravshan Muxtitdinovning ismi aprel oyida Interpol saytidagi «qizil xabarlar» ro'yxatida paydo bo'lgan. U mulkni qasddan yo'q qilish yoki shikastlash, uyushgan qurolli guruh tuzish, unga rahbarlik qilish yoki unda ishtirok etish, shuningdek, bezorilik qilishda ayblangan edi.

Source: kun.uz