Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi UzAuto Motors avtomobil kompaniyasining kredit reytingini “BB-” dan “BB” ga oshirdi. Reyting bo‘yicha prognoz “barqaror” etib belgilandi.

Reytingning oshirilishi kompaniyaning mustaqil kredit profili “b-” dan “b” ga yaxshilangani bilan bog‘liq. Fitch buni yevrobondlarning muvaffaqiyatli qayta moliyalashtirilgani, likvidlik zaxirasi oshgani hamda 2026−2029-yillarda erkin pul oqimi ijobiy bo‘lishi kutilayotgani bilan izohladi.

UzAuto Motors reytingi, shuningdek, agentlikning kompaniyaning bilvosita aksiyadori hisoblangan O‘zbekiston hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlash ehtimoli “o‘ta yuqori” degan bahosi bilan ham ta’minlanadi. Natijada avtomobil ishlab chiqaruvchining reytingi mamlakatning suveren reytingi — “BB” ga tenglashtirildi.

2025-yil noyabr oyida UzAuto Motors 2026-yil may oyida so‘ndirilishi lozim bo‘lgan 300 mln dollarlik yevrobondlarni qayta moliyalashtirdi. Kompaniya 2030-yil noyabr oyida so‘ndiriladigan 350 mln dollarlik yangi obligatsiyalarni chiqardi.

Olingan mablag‘lar avvalgi yevrobondlar va mahalliy banklar kreditlarining bir qismini so‘ndirishga yo‘naltirildi. Fitch bahosiga ko‘ra, qayta moliyalashtirish va likvidlikning yaxshilanishi kompaniya mustaqil kredit profilining oshirilishiga asosiy omil bo‘lgan.

2025-yil yakuniga ko‘ra, UzAuto Motors’ning pul mablag‘lari hajmi bir yil avvalgi 42,8 mln dollarga nisbatan 89,5 mln dollarga yetgan. Bundan tashqari, kompaniya eksport-kredit agentligi kredit liniyasi va sindikatlashgan qarz doirasida yana 70 mln dollardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Fitch 2026−2029-yillarda UzAuto Motors likvidligi ijobiy erkin pul oqimi hisobidan qo‘llab-quvvatlanishini kutmoqda. Bunga aylanma kapitalga bo‘lgan ehtiyojning qisqarishi, jumladan, kompaniya ilgari jismoniy shaxslarga taqdim etgan avtokreditlarning bosqichma-bosqich qaytarilishi hissa qo‘shishi kerak.

Shu bilan birga, agentlik aylanma kapitaldagi o‘zgarishlar pul oqimi va likvidlikni yomonlashtirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

So‘nggi ikki yil davomida UzAuto Motors’ning tushumi va foydaliligi O‘zbekistonda talabning susayishi hamda kreditlash sharoitlarining yomonlashishi tufayli bosim ostida bo‘ldi.

Biroq, 2025-yilda kompaniya qariyb 400 mingta avtomobil sotdi. Ichki bozorda bitta avtomobilning o‘rtacha narxi o‘tgan yil iyul oyidagi 10 ming dollardan 10,6 ming dollargacha oshdi.

Tushum 4,1 mlrd dollarni, Fitch metodologiyasi bo‘yicha EBITDA esa 355 mln dollarni tashkil etdi. Har ikki ko‘rsatkich agentlik prognozlaridan — mos ravishda 3,7 mlrd va 307 mln dollardan yuqori bo‘ldi.

Shu bilan birga, erkin pul oqimi manfiyligicha qolib, minus 52 mln dollarni tashkil etdi. Buning asosiy sababi jismoniy shaxslarning ularga berilgan avtokreditlar bo‘yicha qarzdorligi oshgani bo‘ldi.

Fitch 2026-yildan boshlab qarzdorlik qaytarilishi va UzAuto Motors aholiga avtomobil xaridini to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish amaliyotidan voz kechishi ortidan pul oqimi ijobiy bo‘lishini kutmoqda.

Fitch’ning bazaviy prognoziga ko‘ra, 2026-yilda UzAuto Motors sotuvlari 1,3 foizga o‘sib, 400 mingta avtomobilga yetadi. 2026−2028-yillarda bitta avtomobilning o‘rtacha narxi 10,8 ming dollar darajasida bo‘lishi kutilmoqda.

Tushum 2026-yilda 4,4 mlrd dollargacha o‘sishi va 2029-yilga kelib bosqichma-bosqich 4,7 mlrd dollarga yetishi mumkin.

EBITDA bo‘yicha rentabellik 2026-yilda 8,6% darajasida bo‘lishi, sotuvlar hajmi oshishi hisobiga 2029-yilga kelib 9,5 foizgacha o‘sishi prognoz qilinmoqda.

2026−2029-yillarda kapital xarajatlar o‘rtacha tushumning 1,4 foizini tashkil etishi kutilmoqda. Dividend to‘lovlari 2026 va 2027-yillarda foydaning 25 foizi, 2028 va 2029-yillarda esa 30 foizi darajasida prognoz qilinmoqda. Prognozga qo‘shilish va qo‘shib olish (M&A) bitimlari kiritilmagan.

Davlat UzAuto Motors aksiyalarining 99,7 foiziga egalik qiladi. Shu bilan birga, kompaniya aksiyalarning 5 foizigacha qismini bozorga joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Fitch bahosiga ko‘ra, davlat kompaniya ustidan qat’iy nazoratni saqlab qolmoqda, jumladan, yirik investitsiyalar va moliyalashtirishni jalb qilishni kelishib oladi. Shuningdek, UzAuto Motors avtomobillar, ayniqsa budjet segmentidagi modellar narxini belgilashda hukumat bilan hamkorlik qiladi.

Agentlik kompaniyaga davlat tomonidan avval ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlashni “kuchli” deb baholadi. Bu soliq imtiyozlari, aksiyadorlik qarzlari va boshqa ishlab chiqaruvchilar uchun import bojlarining saqlab qolinishini o‘z ichiga olgan.

Fitch, shuningdek, UzAuto Motors’ning iqtisodiyot uchun ahamiyatini ham qayd etadi. Kompaniya mamlakatdagi yagona yirik milliy avtomobil ishlab chiqaruvchi hisoblanadi va bevosita yoki bilvosita 30 mingdan ortiq kishini ish bilan ta’minlaydi. Avtomobillar savdosi va u bilan bog‘liq kreditlash mamlakat bank tizimi uchun muhim ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, UzAuto Motors O‘zbekistondan yevrobondlar chiqargan birinchi korporativ emitentga aylangan. Agentlik fikricha, kompaniya defolti mamlakat va boshqa davlat kompaniyalarining xalqaro bozorlarda qarz jalb qilish imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bilan birga, UzAuto Motors’ning mustaqil kredit profili biznes ko‘lamining nisbatan kichikligi, sotuvlarning asosan O‘zbekiston bozorida jamlangani, mahsulotlar qatorining torligi hamda o‘zining kuchli brendi mavjud emasligi bilan cheklanmoqda.

Kompaniyaning ishlab chiqarish faoliyati to‘liq General Motors bilan tuzilgan uzoq muddatli litsenziya shartnomasiga bog‘liq bo‘lib, u Amerika avtomobil konserni texnologiyalaridan foydalanish imkonini beradi.

O‘zbekistonning suveren reytingi yomonlashsa, UzAuto Motors’ning davlat bilan aloqalari susaysa, davlat qo‘llab-quvvatlashi kamaysa, shuningdek, EBITDA’ga nisbatan qarz yuki uzoq vaqt davomida 2,8 barobardan yuqori bo‘lsa yoki erkin pul oqimi manfiyligicha qolsa, kompaniya reytingi pasaytirilishi mumkin.

Reyting mamlakatning suveren reytingi yaxshilanishi va UzAuto Motors’ning mustaqil moliyaviy profili mustahkamlanishi holatida oshirilishi mumkin. Buning uchun qarz yuki barqaror ravishda 1,3 barobardan past bo‘lishi, erkin pul oqimi rentabelligi esa 2 foizdan yuqori bo‘lishi lozim.

Fitch 2026-yil oxiriga kelib UzAuto Motors ixtiyorida erkin foydalanish mumkin bo‘lgan taxminan 33 mln dollar pul mablag‘i bo‘lishini kutmoqda. Agentlik bu miqdorni aylanma kapitalning yil davomidagi tebranishlarini qoplash uchun yetarli deb hisoblaydi.

Kompaniyaning asosiy qarz vositasi 2030-yil noyabr oyida so‘ndiriladigan yevrobondlar bo‘lib qolmoqda.

Yangi o‘yinchilar, jumladan, BYD kompaniyasi kelishi O‘zbekiston avtomobil bozori rivojlanishiga turtki bo‘lmoqda. Ammo raqobat UzAuto Motors’ning ustun mavqeini saqlash uchun tartibga solinyapti, deya qayd etdi Moody’s agentligi. Kompaniya eski modellar qatori bilan ichki bozorga bog‘liq holda qolmoqda.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 457,9 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarildi, bu bir yil avvalgiga nisbatan 6,7 foizga ko‘p. Umumiy o‘sishga qaramay, Cobalt, Damas va Onix ommaviy modellari ishlab chiqarilishi qisqardi. Chevrolet’ning bozordagi ulushi 83,2 foizgacha pasaydi, Xitoy va boshqa brendlar ishlab chiqarishi esa bir necha barobar oshdi.

Source: www.gazeta.uz